Breaking News

AQSh rasmiylari Iroq boshqaruvidagi korrupsiyadan xavotirda


AQSh Iroqda vaziyat barqarorlashadi deb umid qilmoqda. Vashington nazarida o’tgan bir yil ichida vaziyat nisbatan yaxshilangan.

Koalitsiyaga qarshi xurujlar kamaygan. Biroq Iroq hukumatida kamchiliklar talaygina. Boshqaruv tizimi korruptsiyaga botgan. Bu esa mamlakatda tinchlik va hamjihatlik o’rnatishga to’sqinlik qilmoqda.

Iroqni qayta tiklash jarayoni bo’yicha maxsus idoraga ko’ra, 2003 yildan beri mamlakatni barqarorlashtirish va tiklash ishlariga AQSh va boshqa donor mamlakatlar tomonidan 100 milliard dollarga yaqin mablag’ ajratilgan. Lekin samarasi sezilmaydi.

Mosul shahridagi suv to’g’oni ayanchli holda. AQSh muhandislari fikricha yaqinda qulashi mumkin. Uning ta’miri uchun 27 million dollar kerak.

“Rejadagi ishlar qilinmagan. To’g’onni tiklash uchun 16 million ajratgan edik. Maxsus tizim yaratilib, suvni taqsimlash inshootlari qurilishi kerak edi. Hozircha bittasi bitdi”, - deydi AQSh bosh inspektori Styuart Bouen.

Bouenning aytishicha Mosul to’g’oni 10 ming kishi hayotiga rahna solmoqda.

Jozef Kristof, AQShning tashqi aloqa va savdo bo’yicha bosh hisobchisi.

“AQSh hukumati Iroqni qayta qurishga yordam bermoqchi. Mamlakatning byudjet va savdo-sotiq tizimini takomillashtirish uchun 300 million dollarga yaqin mablag’ sarflandi. Biroq, nazarimda, biz asosan korruptsiyaga botgan vazirliklarning yanada boyishiga hissa qo’shayapmiz xolos”, - deydi u.

Kristof nazarida mamlakatdagi zo’rovonliklarni kamaytirish uchun Iroq xavfsizlik kuchlarini rivojlantirish lozim. Biroq bu kuchlar orasida tartibsizlik, boshbodoqlik avjida, deydi AQSh rasmiysi.

“Iroqning 360 ming harbiysini tayyorgarlikdan o’tkazib, zarur vositalar bilan ta’minlash uchun 2003 yildan beri 19.2 milliard dollar sarflandi. Biroq bu yilgi hisobotlarga ko’ra, 140 bo’linmadan faqat 10 tasi mustaqil harakatlana oladi xolos”, - deydi AQSh bosh hisbochilaridan biri.

AQSh inspektorlarining aytishicha Iroq hukumati barqarorlikni o’rnatish uchun o’z oldiga qo’ygan qonuniy talablarga deyarli javob bermayapti.

XS
SM
MD
LG