Breaking News

Saakashvili prezident saylovlari kunini belgiladi


Gruziya prezidenti Mixail Saakashvili prezident saylovlarini 5 yanvarga belgiladi. Xalq o’ziga rahbar tanlash huquqiga ega deydi u.

Saakashvili tez kunda favqulodda vaziyatni bekor qilishga va’da bermoqda. Qo’shma Shtatlar bu qarordan mamnun.

AQSh rasmiylari Saakashvilining avvalgi harakatlaridan ranjiganroq edi. Amerikada tahsil olgan Gruziya rahbari norozilik namoyishlari boshlangach, 15 kunlik favqulodda vaziyat e’lon qilgan.

Poytaxt Tbilisiga armiya bo’linmalari safarbar etilgan. 600 ga yaqin namoyishchi jarohatlangach, muxolifat chiqishlarni to’xtatgan.

Gruziya prokuraturasi muxolifat vakillari Tsone Gamsaxurdia va Shalva Natelashvilini josuslikda hamda Rossiya ko’magida davlat to’ntarishi rejalaganlikda ayblamoqda.

AQSh Davlat Departamenti matbuot kotibi Shon Makkormak Gruziyada konstitutsion boshqaruv tiklanishi lozim deydi.

"Favqulloda holat bekor qilinib, matbuot erkinligi ta’minlansin. Demokratik saylovlarning garovi ana shular. Partiyalar qonun asosida, bosiqlik bilan, har qanday muammoni muhokama yo’li bilan hal qilsin", - deydi Makkormak.

2003 yilgi atirgul inqilobidan so’ng qahramon sifatida davlat tepasiga kelgan Mixail Saakashvili o’zini AQShning yaqin hamkori deb biladi.

Bush ma’muriyati Saakashvilining notinch Abxaziya va Shimoliy Osetiyadagi siyosatini qo’llab-quvvatlab keladi. Bu hududlar Moskva-Tbilisi aloqalaridagi qaltis va nozik mavzulardan. Har ikki mintaqa o’zini Gruziyadan mustaqil deb e’lon qilgan, biroq na xalqaro hamjamiyat, na Gruziya tan oladi.

Vashington Saakashvili hukumatiga mo’ljallangan moliyaviy yordamni qisqartirish masalasida shoshmoqchi emas. Rasmiy Tbilisiga yana bir imkon berilmoqda.

Bu orada Gruziya muxolif partiyalari prezidentlikka yagona nomzod taklif qilishga qaror qilgan. 5 yanvarga qadar mazkur nomzod xalq ishonchini qozonib ulgurishi, Mixail Saakashviliga munosib raqibga aylanishi lozim.

XS
SM
MD
LG