Breaking News

Davlat departamenti xorij yoshlari uchun veb tanlov e'lon qildi


Internet yoshlar orasida eng muhim aloqa vositasiga aylangan.

Global tarmoq orqali bir vaqtning o’zida nimalarni qilmaydi kishi: o’nlab do’stlar bilan gaplashib, axborot almashadi, kitob o’qib, o’yin o’ynaydi, film tomosha qilib, shunchaki bekorchilik qiladi…

Ochig’i, ba’zida foydali, ko’pincha esa foydali bo’lmagan ishlar.

AQSh Davlat Departamenti e’lon qilgan internet loyiha “Diplomatiya darvozasi” (Doors to Diplomacy) deya nomlanadi. Unda chet ellik o’quvchilar ham qatnashishi mumkin deydi loyiha vakili Ivanna Mari Andres.

“Ishtirokchilar internetda veb-sahifa ochib, unda xalqaro, global muammolar va diplomatiya masalasini aks ettirishi zarur. G'oliblarning har biriga 2000 dollar, ularning o’qituvchisiga 500 dollar mukofot beriladi”.

Darvoqe, 2003 yilda bosh sovrin o’zbekistonlik o’quvchilarga nasib etgan.

Toshkent Xalqaro Maktabi o’quvchilari Emi, Alyona, Kira va De Yuk “Tinchlik va Demokratiya” yo’nalishida g’olib bo’lgan.

Ular yaratgan veb sahifada O’zbekistonda ayollar, bolalar va umuman inson huquqlari yuzasidan vaziyat tahlil qilingan. O’quvchilar huquq mavzusida turli so’rovlar o’tkazib, so’ng uning natijalarini saytda muhokama qilgan.

“Dunyoning qaysi burchagida yashayotganiga qarab, bolalar 8 yo’nalishdan biri bo’yicha izlanishi mumkin. Bular: liderlik, tinchlik va demokratiya, biznes va iqtisodiyot, ilm-fan, xavfsizlik, tashqi aloqalar, sog’liqni saqlash va atrof-muhit, san’at va madaniyat. Maqsad shuki, bolalar dolzarb masalalar haqida o’ylanib, har xil yondashuv, qarash va yechim topishga harakat qilsin. Diplomatiyada o’zlarini sinab ko’rishsin”,- deydi Ivanna Mari Andres.

Ikki muallim boshchiligida bolalar sayt ustida izlanadi. U dastlab o’zbek tilida yaratilishi, so’ng ingliz tiliga o’girilishi mumkin. Ishtirok etish uchun hech qanday haq to’lash kerak emas.

“G’olib o’quvchi maktabni tugatgach, qaysi universitetga kirgani haqida axborot beradi. Ana shundan so’ng biz pulni to’g’ri universitetga o’tkazamiz. Bola maktabni bitirmaguncha mukofot tashkilot hisobida saqlanib turadi”.

Ivanna Mari Andresning aytishicha, loyihada har yili O’zbekiston maktablari qatnashib keladi. O’tgan yili, xususan, Qashqadaryo, Surxondaryo, Nukus va Angrendan loyihalar taqdim etilgan.

Muhimi, ishtirokchi jamoalar 28 fevralgacha ro’yxatdan o’tib, 15 martgacha veb saytni tayyor holatga keltirishi zarur.

Dastur shartlari mana bu manzilda: http://globalschoolnet.org/gsndoors/

XS
SM
MD
LG