Breaking News

AQSh fikricha Eron yadro dasturi haqida qisman axborot bergan xolos


Qo’shma Shtatlar fikricha, Eron o’z yadro dasturi xususida Atom Energiyasi bo’yicha Xalqaro Boshqarmaga qisman axborot bergan xolos. Shu bois, Bush ma’muriyati Tehronga nisbatan qo’shimcha sanksiya qo’yilsin demoqda. Biroq Xitoy bunga qat’iyan qarshi.

Davlat Departamenti rasmiylari nazarida Eron o’tmishdagi yadroviy amaliyotlari borasida to’liq ma’lumot berayotgani rost. Ammo hozirgi tadqiqot natijalari ochiq-oydin bayon etilmayapti.

Kuni-kecha BMT qoshidagi Atom energiyasi bo’yicha xalqaro agentlik Tehron yadro dasturi bo’yicha intiqlik bilan kutilgan hisobotni e’lon qildi.

Unda aytilishicha, Eron agentlik bilan hamkorlik qilmoqda. Biroq Tehron bundanda shaffof siyosat yuritishi, kelgusidagi rejalari bilan o’rtoqlashishi zarur.

Qo’shma Shtatlar va Yevropadagi ayrim davlatlar ta’kidiga ko’ra, Eronning go’yoki tinch yadro dasturi, aslida qurol yaratishga qaratilgan. AQSh BMTdan Eronga uchinchi marta sanksiya qo’yishni talab qilmoqda.

BMT Xavfsizlik Kengashining 5 doimiy a’zosi va Germaniya kelasi hafta uchrashib, sanksiya masalasini hal qilish niyatida. Biroq tashkilotda veto huquqiga ega bo’lgan Xitoy anjumanda qatnashishdan bosh tortmoqda.

AQShning BMTdagi vakili Zalmay Xalilzod, Eron tinch maqsadni ko’zlayotganini isbotlay olsa, xalqaro hamjamiyat bunga to’sqinlik qilmaydi deydi.

Agentlik hisobotida aytilishicha, Eronning Natanz zavodida hozir 3000 sentrifuga uranni boyitishda ishlatilmoqda.

Jarayon to’xtatilsa, Bush ma’muriyati Eron bilan muzokara qilishga tayyor ekanini aytib keladi.

XS
SM
MD
LG