Breaking News

Rossiya xalqi yangi parlamentga ovoz beryapti


Bugun rossiyaliklar yangi parlamentga ovoz bermoqda. Saylov-oldi so’rovlarga ko’ra, prezident Vladimir Putinning “Yedinaya Rossiya” partiyasi g’alaba qilishi aniq.

Mamlakatda 100 milliondan ortiq fuqaro ovoz berishga haqli. Parlament quyi palatasi Duma 450 o’rindan iborat.

Muxolif partiyalar saylov-oldi kampaniyasida ularga yo’l berilmaganidan shikoyat qilmoqda. Kreml, deydi ular, davlat televideniyesini to’liq nazorat qiladi, saylov broshyuralari musodara qilingan, muxolifatchilar qamoqqa tashlangan.

Prezident Putin chiqishlarida xalqni “Yedinaya Rossiya”ga ovoz berishga undagan. Bu partiya butun mamlakat bo’ylab nufuzga ega bo’lishiga ishora qilgan.

Kuzatuvchilar “Yedinaya Rossiya”ning Putin yordamida saylov kampaniyasi muvaffaqiyatli o’tganini aytadi.

Putin televizion chiqishlarida muxolifatchilarni omadsiz, ishi o’ngmagan odamlar deb ta’riflagan. Ularni G’arb bilan aloqada bo’lib, Rossiya obro’sini tushirayotganlikda ayblagan.

Bir necha muxolifatchi partiyalar saylovdan chetlatilgan, jumladan shaxmat bo’yicha sobiq jahon chempioni Garri Kasparovning koalitsiyasi. Kasparov o’tgan hafta Moskvada ruxsatsiz namoyish o’tkazgani uchun 5 kun qamoqqa ham tashlangan.

Kasparovning aytishicha, “Yedinaya Rossiya” Kreml propagandasi yordamida g’alaba qilishi mumkin. Lekin odamlar hukumatdan norozi, narxlar o’sib boryapti, hayot og’rlashib boryapti, deydi u.

Avvalgi saylovlardan farqli o’laroq, bu safar saylovchilar nomzodlarga emas, partiyalarga ovoz bermoqda.

Parlament tarkibini g’oliblar belgilaydi. Partiyalar parlamentda o’ringa ega bo’lish uchun kamida 7 foiz ovoz to’plashi lozim.

Kecha televideniye orqali pensiyalar 30 foizga, harbiylar maoshi esa 15 foizga oshishi haqida e’lon qilingan.

XS
SM
MD
LG