Breaking News

O'zbekistonda amnistiya arafasida yangi tazyiqlar kuzatilmoqda


O`zbekistonda konstitutsiyaning o’n besh yilligi munosabati bilan amnistiya to’g’risida qaror qabul qilingan. Huquq himoyachilari nazarida esa mamlakat qamoqxonalarida ahvol yanada og’irlashgan.

Oliy Majlisi qaroriga muvofiq birinchi bor jinoyat sodir etgan ayollar, voyaga yetmagan yoshlar, 60 yoshdan o’tganlar va chet el fuqarolari jazo muddatidan erta ozod etilishi lozim.

Amnistiya, deydi huquq faolllari, ham umid, ham xavotir uyg’otmoqda.

29 noyabr kuni huquq himoyachisi Baxtiyor Hamroyevning o'g'li Ixtiyor Hamroyev qamoqxonada qattiq kaltaklangan.

Ixtiyor Hamroyevning onasi Muyassar Abdug’anievaning aytishicha uning o’g’li amnistiya e`lon qilinishidan bir kun avval rosa do’pposlangan.

“Ertalab amnistiya o`qilishi kerak edi. Bular navbatdagi jazoni berish uchun bu ishni tashkil qilishdi, goyo u kim bilandir so`kishgan emish”, - deydi ona.

Muyassar Abdug’anievaga ko`ra Ixtiyorni shifoxonaga yotqizishmagan. Shifokor chaqirib yashirin davolashmoqda, yaralarini tikishmoqda deydi u.

“Koloniya boshlig’i nima qilayotgan bo`lsa qilayapti. O’g’lim bilan ko’rishgani ruxsat yo’q”, - deydi ona.

Ixtiyor Hamroyev mushtlashuvda ayblanib uch yillik qamoq jazosiga hukm qilingan edi. Lekin faollar nazarida uning qamalishi otasining faoliyati bilan bog`liq.

Baxtiyor Hamroyevning o'zi yaqinda Dublinda o`tgan huquq himoyachilari anjumanida ishtirok etib qaytdi. U yerda O’zbekistondagi ahvol keskin tanqid ostiga olingan.

Sakkiz yilga panjara ortiga tashlangan faol Mo’tabar Tojiboyeva qamoqxona ma`muriyati tomonidan qo`shimcha jazo choralari belgilanishi tufayli uch yildirki amnistiyaga tushmaydi.

Uning ukasi Rasul Tojiboyev "opamning ozodlikka chiqishi amnistiyaga emas, hukumatga bog'liq",- deydi.

“Uning aybi isbotlanmagan, nega ushlab o`tirishganiga ham hamma hayron bo`layapti. Sud jarayonlarida opamning aybi mutlaqo isbotlanmagan”.

O`zbekistonda “Iymon asirlari” sifatida ta’rif berilgan minglab dindorlar qamoqda saqlanadi.

Konstitutsiyaga tajovuz qilganlikda, diniy ekstremizm va noqonuniy diniy guruhga a`zolikda ayblangan bu kishilar qamoqxonda qiynoq va tazyiqlar bilan yuzlashayotgani haqida ma’lumotlar ko’p.

Yaqinda diniy ayblovlar bilan qamalgan ikki mahbusning qiynoqlar tufayli vafot etgani ma`lum qilingan edi.

O`zbekiston inson huquqlari tashabbus guruhi raisi Surat Ikromovning bayon qilishicha diniy va siyosiy motivlar bilan qamalganlar alohida ro’yxatda saqlanadi.

“Qamoqxona ma`muriyati yuqoridan berilgan topshiriqqa ko`ra ish qiladi. Ularga nisbatan biron narsa uyushtiradi. Baxtiyorning o’g’li bilan bog’liq voqea bunga misol”, - deydi Ikromov.

Faolning aytishicha Ixtiyor Hamroyevni qamoqxona xodimlarini haqorat qilganlikda ayblab, unga nisbatan olti oy qo`shimcha jazo muddati belgilashgan.

XS
SM
MD
LG