Breaking News

AQShda saylovoldi debatlari qizg'in tusga kirgan


Amerikada saylovoldi debatlari - prezidentlikka nomzodlar uchun o’z bilimi, siyosiy saviyasi va tajribasini ko’rsatish uchun qulay imkoniyat.

Nomzodlar bir davrada turib, saylovchini qiziqtirgan mavzularda tortishadi.

Qo’shma Shtatlarda prezidentlikka partiyalardan nomzod tanlash uchun ichki saylovlar yaqinlashar ekan, munozara alangasi avj olmoqda. Debatlarda raqiblar bir-biriga nisbatan shaxsiy hujumga o’tgan.

Prezidentlikka har bir nomzod o’zini tushuntirish bilan band. Saylovoldi debatlarda tilga olinmaydigan masalaning o’zi yo’q.

Oq uy uchun 2008 yilgi poygada nomzodlar har qachongidan ko’p. Hammasi o’zini prezidentlikka munosib deb biladi.


Nomzodlar orasida og’zaki janglarning o’z o’rni va sabablari bor, deydi siyosiy maslahatchi Piter Fenn.

"AQShda 1952 yildan beri ilk marotaba, ham prezident, ham vitse-prezident almashadi. Ikkinchidan, prezidentlikka har ikki yirik partiyadan aniq bir nomzod hali yo’q. Demak, prezidentlik poygasi hamma uchun ochiq. Raqobat kuchli",- deydi Fenn.

Prezidentlikka nomzodlar shunchalik ko’pki, har biri siyosiy debatlarda ishtirok etibgina saylovchi e’tiborini o’ziga torta oladi.

Tahlilchi Kendis Nelsonning tushuntirishicha, nomzodlar yodda qoladigan iboralar bilan chiqadi… Axborot vositalari esa ularni qayta-qayta ko’rsatadi, yozadi.

Saylovoldi debatlar Amerikada uzoq tarixga ega. Prezident Jerald Ford 1976 yilda demokrat raqibi Jimmi Karter bilan so’z talashgan.

Saylovlarni og’zaki janglarsiz tasavvur qilish qiyin. Lekin debat faqatgina fikr bildirish-u, rad etish degani emas. Asosan savol-javob. Nomzodlar yumz-yuz, yonma-yon turib bellashadi.

Debatlarni tashkillashtirish va moliyalash uchun 1987 yilda mustaqil komissiya tuzilgan. O’z maqsadini saylovchiga aniq va to’liq ma’lumot yetkazish deb biladi.


Debatlar hozirda televideniyedan internetga ham ko’chgan. CNN telekanali va YouTube video sayti hamkorligida nomzodlarga internet orqali savollar bersa bo’ladi.

Har ikki partiya murojaatlarida internetdan keng foydalanadi.

Kelasi yil noyabr saylovlarigacha hali ko’p debatlar o’tadi. Eng muhimi, saylovchiga ulardan qanday naf tegishi.

"Tarixga nazar tashlaydigan bo’lsak, deydi mutaxassislar, odamlar siyosatchilarning xato gaplarini ko’proq eslab qolgan …",- deydi Nelson xonim.

Nomzodlar va ommaviy axborot vositalari aynan shunday hangomabop gaplarni kutib o’tiradi.

XS
SM
MD
LG