Breaking News

O'zbekistonliklar: Medvedev Putinning chizgan chizig'idan chiqmaydi


Rossiyada Vladimir Putin yaqin do’sti, bosh vazir o'rinbosari Dmitriy Medvedevni prezidentlikka nomzod etib ko’rsatdi. Medvedev esa Putin bosh vazir bo’lishi kerak demoqda.

Medvedev prezident bo`lib saylangan taqdirda Putin boshlagan siyosatni davom ettirishini aytmoqda.

O`zbekistonda Rossiyadagi siyosiy o'zgarishlarga munosabat turlicha.

Rassom Vyacheslav Oxunov fikriga ko`ra, Rossiya prezidentligiga Sergey Ivanov kabi kuch ishlatuvchi organ vakilidan ko`ra o`qimishli, ziyoli bo`lgan Medvedev nomzodi ma`qul.

“Lekin Medvedevning chiqishlarini kuzatib unda qandaydir notabiiylik, zo`rakilik borligini sezish mumkin”, - deydi u.

Rassom nazarida Putinning prezidentlikdan ketishi Markaziy Osiyo mintaqasidagi siyosiy yetakchilarga namuna bo`lishi kerak.

“Ayrim siyosiy yetakchilar “agar ketib qolsam, O`zbekiston yoki Tojikiston inqirozga yuz tutadi” deb hisoblashadi. Bu totalitar qarash. Rossiya misolini olaylik. Bu muhim belgi, bu belgi ikkinchi bor takrorlanmoqda. Har holda O`zbekistondagi kabi konstitusiya buzilgani va muddatdan tashqari prezidentlikka da`vo qilingani yo`q”, - deydi Oxunov.

Oxunov ta’biricha, Rossiyada Putin siyosati davom ettiriladi. Bu demokratik vaziyat bilan emas, balki rus xalqining xalqaro siyosatga ta’siri oshayotgani, imperiyacha qarashning kuchaygani bilan bog`liq.

Mustaqil jurnalist Aleksey Volosevich fikricha Medvedev ma'qul nomzod, u siyosiy faoliyati mobaynida og`ir-bosiqligi, ortiqcha ehtirosga berilmasligi bilan ko`zga tashlangan.

Biroq Rossiya-O`zbekiston aloqalari o`zgarishsiz qoladi deydi u.

“Karimov Rossiya uchun eng maq`ul nomzod. Bundan keyin ham shunday bo`lib qoladi. Rossiyani bu yerda qiziqtirayotgan narsa – kim bosh ekanini ko`rsatib qo`yish va mintaqadagi energoresurslar”, - deydi jurnalist Volosevich.

Jamiyatshunos Komron Aliyev fikricha Rossiyadagi siyosiy texnologiya mintaqa davlatlarida ham tadbiq etilishi mumkin.

“O`zbekistonda bu masala hal bo`ldi. Lekin keyinchalik Tojikiston va Qozog`istondagi saylovlarda shu metoddan foydalanish mumkin. U yerdagi prezidentlar o`ziga sodiq, chizgan chizig'idan chiqmaydigan bir odamni olib keladi”, - deydi Aliyev.

XS
SM
MD
LG