Breaking News

Jurnalistlarni himoya qiluvchi konvensiya loyihasi muhokamada


O’ttiz tashkilotni o’z ichiga olgan guruh urush zonalari va xavfli hududlarda ishlayotgan jurnalistlarni himoya qilishga qaratilgan xalqaro qonun qabul qilishga chaqirmoqda.

Shveysariyada joylashgan “Matbuot Ramzi Kampaniyasi”ning bildirishicha, joriy yilda 27 davlatdan 110 jurnalist halok bo’lgan – o’tgan yilgi ko’rsatkichdan 14 foiz yuqori.

2006 yilda 96, 2005 yilda esa 68 muxbir halok bo’lgan. Iroq so’nggi besh yil ichida jurnalistlar uchun eng xavfli hudud deb e’tirof etiladi. Ikkinchi o’rinda Somali, uchinchi o’rinda esa Shri Lanka.

Pokiston, Afg’oniston va Filippin ham jurnalistlar uchun xavfli mamlakatlar.

“Matbuot Ramzi Kampaniyasi” prezidenti Hidoyat Abdul Nabi xonimning Amerika Ovoziga aytishicha, muxbirlarni himoya qilish uchun zudlik bilan xalqaro konvensiya qabul qilish kerak.

Jeneva Konvensiyasiga ko’ra, jurnalistlar mojaro zonalarida oddiy fuqarolarga tenglashtiriladi. Vaholanki, deydi Abdul Nabi, jurnalistlar axborot yig’ish ortidan ko’proq xavf-xatar bilan yuzlashadi.

“Xalqaro qonunchilik maxsus konvensiya qabul qilishga imkon beradi. Undan jurnalistlarni himoya qilish uchun foydalanish kerak. So’nggi uch yil ichida 300 ga yaqin jurnalist o’ldirilgan. Barchasi mojaro zonalarida,” - deydi Hidoyat Abdul Nabi.

Taklif qilinayotgan konvensiya siyosiy fikrlarini bildirib, qaltis mavzularni yoritayotgan jurnalistlarni himoyalashi kerak.

Tashkilot bosh kotibi Blez Lempenning aytishicha, jurnalistlarning qotillari ko’p hollarda jazoga tortilmaydi. So’nggi 10 yil ichida bunday siyosiy jinoyatlarning 90 foizi fosh etilmagan.

Yangi konvensiya ularni oxirigacha tergov qilish majburiyatini yuklaydi. Shuningdek, shtatsiz jurnalistlarni ham himoya qiladi.

XS
SM
MD
LG