Yangi yetti yillik muddatga saylangan Islom Karimov xalq oldida chiqish qilib, fuqarolar farovonlik, taraqqiyot va yurt tinchligi uchun ovoz berdi degan.
Biroq mustaqil kuzatuvchilar fikricha O`zbekistonda kelasi yillarda siyosatda qanday burulishlar bo'lishini tasavvur qilish qiyin.
Muxolifatdagi “Erk” partiyasi bosh kotibi Otanazar Oripov O`zbekistonda ta’kidlanayotgan barqarorlik aslida barqaror tanazzul deydi.
“O`zbekiston xalqiga barqaror tanazzul emas, barqaror taraqqiyot kerak. Hozirgi o`zgarishlar tanazzulga qarab ketayapti. Saylov nodemokratik edi. Ovoz berish jarayoni ham shu ruhda belgilandi. Umumiy siyosiy kursning mohiyati shunaqa”, - deydi Otanazar Oripov.
"XXI Asr" gazetasining siyosiy sharhlovchisi Abduvali Soyibnazarov fikricha esa keyingi yetti yilda O`zbekistonda ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar davom etadi, jumladan tadbirkorlarga va kichik bizneslarga imkoniyat yaratish yo`lidan boriladi.
Xalqqa yoqishi mumkun bo`lgan umumiy gaplar bor, islohotlarni tasdiqlovchi aniq konsepsiya yo`q deydi Otanazar Oripov.
“Diktaturani yanada chuqurlashtirishga qaratilgan qadamlar qo`yilishi mumkin. Bu qadamlar go`yo demokratiya uchun qilingandek ko`rsatiladi. Aslida esa bu qadamlar hukumat va xalq o`rtasidagi bo`shliqni yanada kengaytirishga xizmat qiladi”, - deydi “Erk” vakili.
Abduvali Soyibnazarov O`zbekistonda siyosiy partiyalar faollashadi deydi.
“Prezident tashabbusi bilan siyosiy partiyalarning jamiyatdagi rolini oshirishga qaratilgan loyiha Oliy Majlisga kiritildi va qonunlar qabul qilindi”, - deydi “XXI Asr” gazetasi siyosiy sharhlovchisi.
Otanazar Oripov fikricha yaqin keljakda O`zbekistonda bir partiyaviylikka o`tish harakati boshlanishi mumkin.
“Prezident o'z siyosiy kursini saqlab qolish uchun yakka partiyaviylikni kuchaytirishi, parlament saylovini muddatidan avval o’tkazishi mumkin. Mabodo prezidentga bir gap bo'lganda, o`sha prezident partiyasi uning aytganini davom ettiradi”, - deydi Oripov.
O'zbekiston prezidenti tashqi siyosatda barcha davlatlar bilan o`zaro manfaatli aloqa yuritish haqida gapirmoqda.
Otanazar Oripov g`arb bilan aloqalar tiklanishi ehtimoldan holi emas deydi.
“Biroq rivojlangan davlatlar O`zbekistonda demokratiya bo`lishidan manfaatdor emasga o`xshaydi. Mamlakatning boyligi bir odam qo`lida bo`lsa, u bilan gaplashish oson kechadi”, - deydi Oripov.