Breaking News

Pokiston Benazir Bxuttoni abadiyatga kuzatdi


Pokistonda kecha suiqasd hujumidan halok bo’lgan sobiq bosh vazira Benazir Bxutto bugun Sind viloyatida otasi va akalari ko’milgan maqbarada dafn etildi. Janozaga yuz minglab odamlar yig’ilgan.

Butun Pokiston bo’ylab uch kunlik motam e’lon qilingan. Mamlakat bo’ylab to’qnashuv va tartibsizliklar avj olar ekan, hukumat xavfsizlik choralarini kuchaytirgan.

Benazir Bxuttoning jasadi marhum otasi Zulfiqor Ali Bxuttoning yoniga qo’yilgan. Larxona shahridagi marosim chuqur sukunatda o’tgan.

Biroq Pokistonning boshqa shaharlarida sobiq bosh vaziraning tarafdorlari isyon ko’targan. Ular avtomobil, yonilg’i quyish shohobchalari va do’konlarga o’t qo’ygan. Huquq-tartibot xodimlari odamlarni uydan chiqmaslikka undamoqda. So’nggi 60 yil ichida Pokiston bunday g’alayonga guvoh bo’lmagan edi.

Pokiston harbiy kuchlari matbuot kotibi Asad Alining aytishicha, fuqaro yohud hukumat binolariga ziyon yetkazib, shaharda to’polon ko’targan shaxslar o’qqa tutiladi.

Kecha o’limidan bir oz avval Ravalpindida ommaga qilgan murojaatida Benazir Bxutto

Pokiston sha’ni va g’ururi bizning g’ururimiz, buning uchun hayotimizni qurbon qilishga tayyormiz degan.

Oradan bir necha daqiqa o’tib, noma’lum shaxs Bxuttoni nishonga olgan. Pokiston Ichki ishlar vazirligiga ko’ra, siyosatchiga temir parchalari to’ldirilgan bomba otilgan. Oradan bir necha soniya o’tmay, bir kishi o’sha joyda o’zini portlatib yuborgan. Xuruj taxminan 20 fuqaroni hayotdan olib ketgan.

Ayrimlar Bxuttoning o’limida prezident Parvez Musharraf aybdor, hukumat uning xavfsizligini ta’minlamagan demoqda.

Bu ayblarni rad etgan Musharraf nazarida qotillikda terrorchi va ekstremist guruhlarni ayblash zarur. Pokiston bugun chuqur qayg’u va motamda deydi u.

Muxolif Pokiston Musulmonlar Ligasi rahbari Navoz Sharif esa 8 yanvarga belgilangan parlament saylovlarida qatnashmalikka ahd qilgan. Uning aytishicha, Parvez Musharraf hokimiyat tepasida qolar ekan, mamlakatda odil va erkin saylovlar bo’lishi gumon. Sharif Musharrafning iste’fosini talab qilmoqda.

Pokiston hukumati parlament saylovlarini kechiktirmoqchi emas.

Osiyo davlatlari Benazir Bxuttoning o’ldirilganini qoralamoqda. Qo’shni Hindiston, Xitoy, Janubiy Koreya va boshqa mamlakat rasmiylari Pokiston taqdiridan xavotirda.

Avstraliya Bosh vaziri Kevin Rud ta’biricha, bu Pokiston demokratiyasi, barqarorligiga tahdid.

Benazir Bxuttoning turmush o’rtog’i Osif Ali Zardariy va uning 3 farzandi dafn marosimida qatnashish uchun Dubaydan yetib kelgan. Mavzuga dasturimiz davomida yana bafurja to’xtalib o’tamiz.

Bu orada Svot vodiysidagi portlashda bugun kuchli portlash ro’y berib, bir necha kishi o’lgan. Ular orasida viloyat sobiq hokimi Asfanduyor Amirzab ham bor.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG