5 yanvarda Gruziyada muddatidan avval prezident saylovlari bo’ladi. Amaldagi prezident Mixail Saakashvili saylov kuni aniq bo’lgach, o’z vakolatini parlament spikeriga topshirgan edi.
“Vashington Post” gazetasining yozishicha, Gruziyadagi saylovlar muhim ahamiyatga ega, chunki unda xalq sobiq prezident Mixail Saakashvili siyosatiga munosabat bildiradi. Gazeta Saakashvili prezidentligi davrida amalga oshirilgan ijobiy ishlarni sanab o’tib, tanqidchilari e’tirozini ham keltiradi. Ularga ko’ra, Saakashvili avtoritar boshqaruv uslubini namoyon eta boshlagan, so’z va matbuot erkinligiga rahna sola boshlagan.
Mixail Saakashvilining prezidentlik muddati shu yil tugashi kerak edi, biroq o’tgan yil noyabr oyida poytaxt Tbilisida uyushtirilgan qator namoyishlar xavfsizlik kuchlari tomonidan bostirilgach va bir necha xususiy telestansiya yopilgach, G’arb va Qo’shma Shtatlar Gruziya prezidenti siyosatini tanqid ostiga olgan edi. Shunda Saakashvili muddatidan erta prezident saylovlarini belgilab, lavozimini parlament spikeriga topshirgan.
2004 yili hokimiyat tepasiga kelgan va so’nggi saylovlarda 97 foiz ovoz to’plagan Saakashvili uchun 5 yanvar saylovlari juda muhim. Saylovlar Saakashvili siyosatining to’g’riligini, xalq hali ham unga ishonishini namoyish etishi kerak. Uning g’alabasi Gruziyaning eng yaqin hamkorlaridan biri Qo’shma Shtatlar uchun ham muhim.
2004 yilgi “Atirgul Inqilobi”dan so’ng AQSh Gruziyaga 300 million dollar yordam puli ajratgan, harbiylarini tayyorgarlikdan o’tkazgan, Gruziyani “demokratiya mash’ali” deb atagan, senatorlar Jon Makkeyn va Xillari Klinton Saakashvilining nomzodini Tinchlik uchun Nobel mukofotiga ko’rsatgan. U saylovlarda g’alabasi bilan AQSh va xalqi ishonchini oqlashi kerak.
Saakashvili bir oydan buyon mamlakat bo’ylab saylov kampaniyasi bilan ovora. Uni bilgan ayrim siyosatchilarning aytishicha, u yana xalqqa yaqinlashgan.
Muxolifat Saakashviliga qarshi yagona nomzod ko’rsatmoqda, biroq ayrim mutaxassislar fikricha, xalq Saakashvili va’dalarining samimiyligiga unchalik ishonmasada, undan yomonroq rahbarning kelishidan xavotirda.
Nomzodlardan biri hukumat rasmiysiga 100 million dollar pora taklif etayotganlikda ayblangandan so’ng poygadan chiqqan edi. Biroq ma’lum bo’lishicha, Badri Patarkatsishvili poygaga qaytganini aytgan.
Saylovlar adolatli o’tmagan taqdirda muxolifat namoyish o’tkazishini bildirmoqda. Qo’shma Shtatlar ham Gruziya bilan aloqalarini sovutishi mumkin. “Vashington Tayms” gazetasiga ko’ra, saylovlarni kuzatish uchun AQSh Kongressidan guruh Gruziyaga boradi.
AQSh Senati Gruziyada demokratik o’zgarishlar qanchalik muhimligini ta’kidlovchi rezolyutsiyani ko’rib chiqmoqda.
Senator Richard Lugar saylovlar ochiq va odil o’tishiga umid qilmoqda. Demokratik institutlarni barpo etish jarayoni to’xtab qolmasligi kerak, deydi u.