Breaking News

Bxuttoning o'limini Skotland Yard tergov qiladi


Pokistonda sobiq Bosh vazir Benazir Bxuttoning o’ldirilganini Britaniyaning Skotland-Yard mahkamasi tergov qiladi. Prezident Parvez Musharraf avvaliga chetdan yordamni rad etib kelayotgan edi, biroq xalqaro bosim ostida uni qabul qilishga majbur bo’ldi. Kecha Musharraf televideniye orqali Bxuttoning yaqinlariga ta’ziya bildirgan.

Uning aytishicha, Bxuttoga qarshi xuruj ortida al-Qoidaga aloqador kuchlar turibdi.

Skotland Yard tergovchilari Pokistonga hafta oxirida boradi. Qo’shma Shtatlar ham taftishga yordam berishga tayyorligini ma’lum qilmoqda. Oq uy Pokistondagi barcha siyosiy kuchlarni zo’ravonlikka berilmaslikka chaqirmoqda.

Bxutto bosh bo’lgan Xalq partiyasi hukumatni jinoyat sodir etilgan joyni tozalab, dalillarni yo’q qilganlikda ayblamoqda. Ayrimlar xurujga hukumat doiralarining ham aloqadorligi haqidagi taxminlarni hisobdan chiqargani yo’q.

Benazir Bxutto o’tgan payshanba kuni Ravalpindida saylov kampaniyasi vaqtida otib o’ldirilgan. Shundan so’ng jinoyatchi o’zini portlatgan.

Marhumaning turmush o’rtog’i Osif Ali Zardari tergovni BMT tomonidan tayinlangan tergov guruhi olib borishini talab qilmoqda.

Bxuttoning o’limi 8 yanvarga belgilangan parlament saylovlarining 18 fevralga ko’chirilishiga sabab bo’ldi. Armiya bo’linmalari saylov kuni xavfsizlikni ta’minlaydi. Muxolifat bunga qarshi, biroq saylovlarda ishtirok etishini aytmoqda.

Siyosiy tahlilchilar nazarida agar saylovlar 8 yanvarda o’tsa, Bxutto o’limidan ta’sirlangan saylovchilar ovozlarini Xalq partiyasiga berishi mumkin. Bundan tashvishlangan hukumat ularni kelasi oyga ko’chirgan bo’lishi mumkin.

XS
SM
MD
LG