Breaking News

Gruziya saylovlarida Saakashvili peshqadam, muxolifat bundan norozi


Gruziya muxolifati prezident saylovlarining ilk natijalarini tanqid qilib Tbilisida namoyishga chiqqan.

Dastlabki natijalar Mixail Saakashvili 56 foiz ovoz to’plaganini ko’rsatadi. Ikkinchi o’rinda tadbirkor Levan Gachechiladze – 25 foiz ovoz yiqqan.

Muxolifat nazarida saylov adolatsiz o’tgan, biroq Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotiga ko’ra ovoz berish jarayoni xalqaro andozalarga javob bergan.

O’tgan yilning noyabrida Tbilisida hukumatga qarshi katta namoyishlar ketidan, erta saylovlar belgilangan edi. Prezident Mixail Saakashvili esa, qonunga binoan, lavozimini bo’shatib, nomzod sifatida ro’yxatgan o’tgan edi.

Muxolifat saylov kuni qonunbuzarliklar kuzatilgani, ba’zilar bir necha martalab ovoz berganini da’vo qilmoqda.

Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotiga ko’ra, saylov jarayoni xalqaro standardlarning ko’piga javob bergan. Biroq tashkilotning bildirishicha, prezidentlikka nomzodlar orasida ishonch yo’q.

Prezidentlikka nomzodlar 7 kishi. Mixail Saakashvilining eng kuchli raqibi Levan Gachechiladze prezidentlik tizimini yo’q qilib, parlament boshqaruviga o’tishni taklif qilgan.

G’olib kamida 50 foiz ovoz to’plashi kerak. Ikki nomzod deyarli bir xil natijaga erishsa, ikki haftadan so’ng qayta saylovlar o’tkaziladi.

Nomzodlardan biri David Gamkrelidze saylov kampaniyasini juda tez o’tkazishga to’g’ri keldi deydi. Atigi 45 kun ichida saylovchilar bilan to’liq muloqot qila olmaganini aytadi.

Gamkrelidzening da’vo qilishicha, Saakashvili o’z kampaniyasini davlat byudjetidan moliyalagan. Unga hokimlar, politsiya rahbarlari va prokurorlar yordam beryapti deydi u.

Gruziya Birlashgan Muxolifati yetakchisi Levan Gachechiladze nomzodlarga ommaviy axborot vositalarida birdek vaqt berilmadi deydi. Xususan televideniyeda siyosiy reklamar berish cheklangan.

Mixail Saakashvili saylov kampaniyasini “kambag’allikka qarshi kurash” shiori ostida olib brogan. Shu yilning oktyabrida pensiyalarni ikki baravarga oshirishni va’da bergan. Tanqidchilar uni sust islohotlarda va avtoritar siyosat yuritganlikda ayblaydi.

Yana bir nomzod milliarder Badri Patarkatsishvili, agar prezident etib saylansa, xalqqa o’z cho’ntagidan moliyaviy yordam berishga va’da bergan. Jumladan ishsizlarga oyiga 35 dollardan.

XS
SM
MD
LG