Breaking News

Nyu-Gempshir shtatida saralash saylovlarida Klinton, Makkeyn g'olib


AQSh prezidentligiga nomzodlarni saralash uchun Nyu-Gempshir shtatida o’tgan saylovlarda demokratlardan Xillari Klinton, respublikachilardan esa Jon Makkeyn g’alaba qilgan.

Klinton va Makkeyn o’tgan hafta Ayovada o’tgan saylovda uchinchi va to’rtinchi o’rinlarni egallagan edi.

Nyu-Gempshirda Xillari Klintonning g’alabasi barchani lol qoldirdi. Aksariyat kuzatuvchilar senator Barak Obama Ayova saylovlari ketidan osongina yutib chiqadi deb bashorat qilgan edi.

Xillari Klinton g’alabasini nishonlar ekan, kuzatuvchilar u va senator Barak Obama orasida nomzodlik uchun kurash qizg’in kechadi demoqda.

3 yanvar kuni Ayova shtatida birinchilikni qo’lga kiritgan Obama Nyu-Gempshirda ham eng ko’p ovoz to’plab, o’zini demokratik partiyadan yagona nomzod sifatida tanitmoqchi edi.

Ammo natija ayon bo’lgach, Barak Obama o’z tarafdorlarini yupatib, hali hammasi oldinda, AQShda siyosat o’zgarishi kerak degan shiori ostida chiqish qilgan.

Nyu-Gemshirda o’tgan saylov natijasiga ko’ra, respublikachilardan prezidentlikka yagona nomzod kim bo’lishi yanada mavhum. Shtatda senator Jon Makkeyn eng ko’p ovoz yiqqan.

Atigi 6 olti oy oldin Makkeyn poygadan chiqadi deya bashorat qilingan edi. Men sizlarga har doim haqiqatni aytaman, deydi Makkeyn saylovchilarga.

Respublikachilar orasida yetakchi nomzodlardan biri Mitt Romni esa Michigan, Janubiy Karolina, Nevada va Florida shtatlarida g’alaba qilishga umid bog’lamoqda.

Saylovlar hozircha respublikachi va demokratlar orasida yagona nomzodni tanlashga qaratilgan, va bu jarayon haftalab davom etadi.

Avgust va sentyabr oylariga belgilangan yig’inlarda har ikki yirik partiyadan bittadan nomzod ko’rsatiladi. Saylov 4 noyabrda o’tadi.

XS
SM
MD
LG