Breaking News

Jorj Bush Isroilda


Prezident Jorj Bush Yaqin Sharqqa safarini boshladi. Birinchi bo’lib Bush Isroilga bordi. Bu Bushning Isroilga prezident sifatida ilk tashrifi. AQsh rahbarini Isroil Bosh vaziri Yahud Olmert va prezidenti Shimon Peres kutib oldi.

Qo’shma Shtatlar va Isroil azaldan yaqin aloqalarga ega. Biz bu yerga doimiy tinchlik o’rnatish uchun keldik, deydi Bush.

Yahud Olmert mehmonni olqishlar ekan, Bush hamisha Isroil mintaqada yuzlashayotgan muammolar va Isroil xavfsizligiga e’tiborli bo’lganini ta’kidladi.

Isroil prezidenti Shimon Peres esa AQShni Erondan kelayotgan xavfga yanada diqqatli bo’lishga chaqirdi.

"Biz AQSh maslahatiga quloq solgan holda Erondan kelayotgan xavfni nazardan tushirayotganimiz yo’q. Eron ham o’z navbatida biz o’zimizni mudofaa qila olishimizga shubha qilmasligi kerak," dedi Peres.

Shundan so’ng ikki davlat rahbarlari muzokaralarga kirishib ketdi.

Ertaga Bush Quddusdan Ramallohga yo’l oladi va u yerda Falastin rahbarlari bilan uchrashadi.

Kecha Quddusda Olmert va Falastin prezidenti Mahmud Abbos o’zaro uchrashgan. Ular Falastin davlatchiligi, Quddus shahri maqomi va falastinlik qochqinlar taqdiri kabi tinchlik jarayoniga to’siq bo’layotgan masalalarni hal qilishga qaratilgan muzokaralarni o’tkazishga kelishib oldilar.

AQSh davlat xavfsizligi maslahatchisi Stiven Xedlining aytishicha, Bush mintaqaga muzokara o’tkazish uchun emas, balki Isroil va Falastinni samarali muzokaralarga undashga kelgan.

XS
SM
MD
LG