Breaking News

Qozog'istonda matbuot nisbatan erkin


Yaqinda Vashingtonda bo’lgan bir guruh qozog’istonlik matbuot xodimlari nazarida matbuot erkinligiga qiyosiy yondashgandagina uning darajasini ko’rish mumkin.

Qozog’istondagi xususiy telestansiyalarni birlashtiruvchi uyushma rahbari Sholpan Jaksibayevaning aytishicha, umuman olganda Qozog’istonda matbuot erkin emas.

"Har bir radio yoki telestansiya, qanday bo’lmasin, ma’lum bosimga baribir uchraydi. Xoh hukumat tomonidan bo’lsin, xoh mahalliy hokimiyat tomonidan bo’lsin. Biroq agar bugungi ahvolni besh yil oldingi vaziyatga qiyoslaydigan bo’lsak, albatta mintaqaviy telestansiyalarning sifati ancha oshgan. Jurnalistlar tanqidiy materiallarga ko’proq e’tibor qaratmoqda."

Mustaqil tele va radiostansiyalarga texnik, huquqiy va informatsion ko’mak beruvchi AQShning Internyus tashkiloti Qozog’istonda o’z idorasiga ega. Internyus O’zbekistondagi idorasini hukumat bosimi ostida 2005 yil sentyabrida yopishga majbur bo’lgan. O’shandan buyon ayrim o’zbekistonlik jurnalistlar treyninglar uchun Qozog’istonga boradi. Biroq, deydi Internyus vakili Marjon Yelshiboyeva, o’zbekistonlik jurnalistlar Internyusning treyning va dasturlaridagi ishtiroklarini sir tutishga harakat qiladi.

"O’zbekistonlik jurnalistlarni doim ham treyninglarimizga taklif qila olmaymiz. Ular “Internyus” so’zini aytishga ham qo’rqadi. Aks holda davlat matbuotida ishlayotgan jurnalistlar ishidan ajralishi mumkin," deydi Yelshiboyeva.

Marjon Yelshiboyevaning aytishicha, yaqinda Qozog’istonga tashrif buyurgan taniqli rossiyalik jurnalist Pavel Sheremet Qozog’iston matbuotini Rossiya va MDHning boshqa davlatlaridagi matbuotga qiyoslab, ancha erkin deb atagan. Biroq Yelshiboyevaning o’zi buni takalluf deb qabul qilmaydi.

"Agar bizni AQSh yoki boshqa rivojlangan davlatlar matbuotiga qiyoslab shunday fikr bildirishganda xursand bo’lardik, biroq Belarus, Tojikiston yoki O’zbekistonga qiyoslash meni qoniqtirmaydi."

Amerika Ovozi bilan suhbatda bo’lgan barcha qozog’istonlik matbuot xodimlari mamlakatida matbuot erkinligi va undagi muammolar haqida intervyu berishga rozi bo’ldi. Ulardan biri hattoki “ko’rdingizmi, biz o’zbekistonlik jurnalistlardan farqli o’laroq, o’z fikrimizni bildirishga qo’rqmaymiz” dedi.

Almatidagi Qozog’iston Milliy Universitetida jurnalistikadan ta’lim beruvchi Aleksandr Rojkov fikricha, Qozog’istonda jurnalistlarni tayyorlaydigan 21 ta fakultet mavjud. Biroq asosiy muammo, deydi u, ta’lim olishning pulli ekanida.

"Talabalarga qiyin. Yiliga 2,300 dollar to’lash kerak. Ular pulni qayerdan topsam ekan deb bosh qotirish bilan birga o’qishni ham eplashi kerak."

Rojkov fikricha, Qozog’iston jurnalistikasida Sovet davridan qolgan yana bir illat – bu o’z-o’zini senzura qilish.

Biroq bosh muammo huquqiy, deydi So’z erkinligini himoya qilish xalqaro jamg’armasi direktori Yelena Maligina. Qozog’istonda o’zlari haqida matbuotda chiqqan materiallardan norozi davlat mutasaddilarining jurnalistlarni sudga berish hollari keng tarqalgan. Jamg’arma jurnalistlarga huquqiy yordam beradi, sud xarajatlari va advokatlar haqqini to’lashda jurnalistlarga yordam beradi.

"Amerikada ko’plab ommaviy axborot vositalari idoralarida bo’lib, shu narsani anglab yetdikki, bu yerda bizning jamg’armaga ehtiyoj yo’q, chunki har bir matbuot idorasida bir nechtadan huquqshunos ishlaydi, qonunlar ishlaydi."

Jamg’arma shuningdek Markaziy Osiyoda so’z erkinligining poy-mol etilish hollarini kuzatadi.

"Birgina Qozog’istonda jamg’arma tomonidan qayd etilgan qonunbuzarliklar 600 sahifali kitobda aks etgan. Har oyda so’z erkinligi 200-300 marta poy-mol etiladi. Biroq bu raqamni qo’rqmasdan 2-3 ga ko’paytirish mumkin, chunki jurnalistlar barcha qonunbuzarliklar haqida hisobot beravermaydi."

Yaqinda Vashingtonda nutq so’zlagan Qozog’istonning yangi elchisi Erlan Idrisov muammolar borligini tan oladi, biroq ularni bartaraf qilish uchun vaqt kerak deb falsafiy javob beradi.

"Biz demokratik jamiyat tomon AQSh va Britaniya bilan bir yo’ldan ketyapmiz, biroq ular safarni Qozog’istondan ancha erta boshlashgan va anchagina masofani bosib o’tishgan. Lekin vaqt o’tib biz ham siz bosgan yo’lni bosib o’tamiz, degan umiddaman."

XS
SM
MD
LG