Breaking News

Bush: Kelasi yanvargacha Isroil-Falastin tinchlik bitimi imzolanadi


Quddusda Isroil Bosh vaziri Yahud Olmert bilan muloqotdan so’ng Bush Iordan daryosining G’arbiy sohiliga, Ramallohga yo’l oldi. Falastin prezidenti Mahmud Abbos va boshqa rasmiylari bilan suhbatda bo’ldi.

Bush fikricha, uning prezidentlik muddati tugashidan avval, ya’ni kelasi yil yanvarigacha Isroil-Falastin o’rtasida tinchlik bitimi imzolanishi mumkin.

Mahmud Abbos bilan muloqot chog’ida aniq to’xtamga kelinmagan. Ammo Isroil va Falastinning muzokarani davom ettirish qarori qat’iyligi sezilgan.

Ramallohga ketaverishda Bush Falastin ma’muriyatining noroziligiga sabab bo’layotgan ikki omilga guvoh bo’ldi.

Bular – Isroil nazorat-tekshiruv punktlari va yahudiylar yashayotgan treylerlar. Falastin e’tiroziga qaramay, Isroil hukumati Iordan daryosining g’arbiy sohili va Sharqiy Quddusda qurilish ishlarini ham davom ettirmoqda.

Bush nazarida bu jarayon tinchlik bitimi yo’liga to’g’anoq bo’lmoqda. Nazorat-tekshiruv punktlari xususida to’xtalar ekan, Bush masalaga ikki tomonlama qarash kerak deydi:

“Falastin ahli tinimsiz tekshiruvdan xunob bo’lgani aniq. Ularni tushunaman. Biroq o’zaro ishonch paydo bo’lmaguncha, vaziyat shu zayilda davom etaveradi. Isroil o’z xavfsizligi nuqtai-nazaridan ish tutmoqda”, - deydi Bush.

AQSh rahbarining tashrifi boshlangan kun Isroil hududiga G’azo sektoridan raketa hujumi uyushtirilgan. Bush nazarida sektorda nazorat o’rnatgan Xamas jangarilari tinchlikka halaqit bermoqda. G’azo ahli Falastin kelajagi uchun ma’qul yo’lni tanlashi zarur deydi u.

“G’azo xalqiga ilm-ma’rifat va mustahkam sog’liq va’da qilgan Xamas odamlarni xor qilishdan boshqaga yaramadi”, - deya mulohaza qiladi AQSh rahbari.

O’z navbatida Mahmud Abbos joriy yil “tinchlik qaror topishi uchun munosib davr bo’ladi” degan fikrda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG