Breaking News

Bush: Eronning harakatlari insoniyat uchun xavfli


Yaqin Sharq bo’ylab safar qilayotgan prezident Bush bugun Saudiya Arabistoniga bordi. Undan oldin esa AQSh rahbari Dubayda ham bo’ldi.

Birlashgan Arab Amirliklarida uning tashrifi munosabati bilan hukumat milliy bayram e’lon qildi, barcha yirik trassa va ko’priklar xavfsizlik maqsadida yopilgan. Bush mahalliy rahbarlar va tabalalar bilan uchrashdi.

Kechagi ma’ruzasida Bush Fors ko’rfazidagi davlatlarni Eronga bosim o’tkazishga da’vat etgan. Eron, deydi u, terrorizmni qo’llab-quvvatlayotgan eng yirik homiy.

AQSh rahbarining so’zlariga qaraganda, Eron fe’l-atvori butun insoniyat uchun xavf-xatar kasb etmoqda. Fors ko’rfazi davlatlari va Qo’shma Shtatlar kech bo’lmasidan bu tahdidning oldini olishi maqsadga muvofiq, deydi Bush.

Eron xalqi ta’qib va bosim ostida yashayotgan bir pallada, Tehron xorijdagi, xususan, Iroq, Livan va Falastindagi terrorchilarni moliyalash uchun millionlab dollar sarflamoqda, deydi AQSh rahbari.

Mintaqadagi boshqa davlatlar erkinlik va tenglik sari ildam harakat qilar ekan, Qo’shma Shtatlar ularga har jihatdan yordam berishga tayyor, deya mulohaza qiladi Jorj Bush.

AQSh birovning hududiga da’vo qilayotgani yo’q. Erkinlik – bu xavfsizlik va o’zaro hamkorlik degani. Yaqin Sharqdagi millionlab ota-onalar farzandlarining baxt-saodatini ko’rishni istagan bir paytda, mintaqadagi ektremistik kuchlar bu orzu-umidlarni yo’q qilmoqda, deydi Bush.

Isroil-Falastin muzokaralari haqida to’xtalar ekan, AQSh prezidenti shunday deydi:

Fors ko’rfazidagi har bir davlat ravnaqi va barqarorligi yo’lida Isroil va Falastin o’rtasida tinchlik qaror topishi, Isroil va Arab davlatlari murosa qilishi uchun bor kuchimizni ishga solamiz, deydi Bush.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG