Breaking News

Qo'shma Shtatlar Saudiya Arabistoniga qurol taklif qilmoqda


Jorj Bush Yaqin Sharq bo’ylab safarini davom ettirar ekan, Saudiya Arabistoniga ilg’or texnologiyali bombalar va’da qilmoqda. Mutaxassislar fikricha, bu bilan Bush mintaqadagi ittifoqchilarini Eronga qarshi siyosatini kuchaytirishga undamoqda.

Bush ma’muriyati bu haqda Kongressni rasman xabardor qilgan. Vakillar Palatasi va Senat 30 kun ichida Oq uy qaroriga to’siq qo’yishi mumkin, biroq kuzatuvchilar Kongress ma’muriyatini bu masalada qo’llab-quvvatlashini ta’kidlamoqda.

Rejaga ko’ra, Qo’shma Shtatlar Saudiya Arabistoniga oddiy bombalarni lazer bilan boshqariluvchi bombalarga aylantiruvchi moslamalar sotadi. Shartnoma qiymati 120 million dollardan ziyod.

O’tgan yil avgustida Qo’shma Shtatlar Yaqin Sharqdagi bir necha mamlakatga jami 20 milliard dollarga teng qurol sotishini ma’lum qilgan edi. Eronning mintaqada kuchayayotganidan xavotirga tushgan Oq uy Fors ko’rfazidagi hamkorlarining harbiy salohiyatini oshirishga yordam bermoqchi.

Davlat departamenti so’zlovchisi Shon Makkormakning aytishicha, bunday yordamdan Isroil ham bebahra qolmaydi.

Kelasi 10 yil ichida Isroil 30 milliard dollarlik qurol bilan ta’minlanadi.

Bugun Bush Saudiya Arabistoni qiroli Abdulla bilan neft narxining yuqoriligi va buning AQSh iqtisodiyotiga salbiy ta'siri haqida ham so'zlashadi. Jahon bozorida bir barrel neft 100 dollarga teng. Prezident Bush neft ishlab chiqaruvchi va eksport qiluvchi davlatlarni birlashtiruvchi uyushma OPEKdan mahsulot ishlab chiqarish miqdorini oshirishni so'ramoqda.

XS
SM
MD
LG