Breaking News

AQShda iqtisodiy tanazzul alomatlari kuzatilmoqda


2008 yil AQShda iqtisodiyot zaiflashuvi bilan boshlandi.

So’nggi 26 yillik ko’rsatkich va raqamlarni tahlil qilgan mutaxassislar Amerikada iflyatsiya har qachongidan ham yuqori demoqda.

Natijada amerikaliklar kam mahsulot xarid qilib, pul tejashga tushgan.

Joriy hafta AQShdagi banklar mo’maygina pul yo’qotdi.

Mamlakatning eng yirik banki – Citygroup hamda eng katta brokeri – Meril Linch ko’chmas mulk bozorida milliardlab dollar zarar ko’rgan.

Ko’chmas mulk sotib olish uchun AQShdagi banklar u qadar ishonchli bo’lmagan mijozlarga ham yirik miqdorda qarz bera boshlagan edi.

Bankdan pul olgan odamlar kreditni katta foizda qaytarishga qurbi yetmay qolgan. Banklar katta zarar ko’ra boshlagan va bu bilan umum iqtisod oqsay boshlagan.

“Mamlakatdagi har bir bank zarar ko’rdi. Omon qolgan bankning o’zi yo’q”, - deydi moliyaviy masalalarni yorituvchi nashr rahbari Gay Cecala.

Gap faqat qarzlarda emas. Banklarning yana bir muhim daromad manbai – kredit kartalar pand bermoqda. American Express mijozlarga katta miqdorda kredit taklif qilib tanilgan. Biroq odamlar kredit pulini vaqtida to’lamay qo’ygach, bank 440 million dollar yo’qotdi.

Buning ta’sir ko’lamiga nazar tashlaylik. Birinchidan, dollar qadri pasaymoqda. Banklar mijozlarga qarz berishdan qo’rqib qolgan. AQShdagi moliyaviy tanglik tufayli butun dunyo iqtisodiyoti rivojlanish sur’ati pasayadi, deydi tahlilchilar.

Ba’zi mijozlar qarzdan qutulish uchun telefon va kabel xizmatlaridan voz kechishga ahd qilgan. Iste’molchi harakatini tahlil qilayotgan mutaxassislar fikricha, bu - iqtisodiy tanazzul alomatlari.

Gay CeCala biror ijobiy o’zgarish ro’y berishi uchun kamida bir yil vaqt kerak bo’ladi deydi.

Jamoatchilik AQSh bank tizimini boshqaruvchi Federal Kengashdan yechim talab qilmoqda. Yanvar oyi oxirigacha markaziy bank foiz stavkalarini keskin kamaytirishni rejalagan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG