Rossiya va Bolgariya yangi gaz quvuri qurishga kelishib oldi. Loyiha Rossiya gazini Yevropaga yetkazishni kafolatlashga qaratilgan. AQSh va Yevropa Ittifoqi esa Rossiyani chetlab o’tuvchi quvurlar ustida bosh qotirmoqda.
“Janubiy Oqim” deb nomlangan quvur loyihasi Sofiyada imzolangan. Bolgariya Bosh vaziri Sergey Stanishevning aytishicha, gaz quvuriga uning mamlakati va Rossiya teng egalik qiladi.
Loyiha bahosi - 14 milliard dollar. Quvur Rossiya gazini Qora Dengiz orqali Bolgariyaga, undan so’ng esa G’arbiy Yevropaning bir necha mamlakatiga yetkazadi.
Prezident Vladimir Putinning Sofiyaga tashrifi chog’ida boshqa hujjatlar ham imzolangan. Bolgariyada atom zavodi qurish, hamda Bolgariya-Gretsiya o’rtasida neft quvuri barpo etish to’g’risida.
Putinning bildirishicha, atom zavodi qurilishi uchun Rossiya 5 milliard dollar ajratgan.
Yangi loyihalar orqali, Kreml energetika resurslarini xaridorga yetkazish tizimini kengaytiryapmiz desa, G’arb nazarida Rossiya bu tizimdan siyosiy qurol sifatida foydalanishi mumkin.
Shu bois, AQSh va Yevropa Ittifoqi Nabucco nomli loyihani qo’llab-quvvatlamoqda. Quvur Markaziy Osiyo gazini Kaspiy dengizi va Bolgariya hududi orqali Yevropaga yetkazishi mo’ljallangan.
Moskvadagi Neft va Gaz instituti rahbari Anatoliy Dmitriyevskiy nazarida, G’arb quvvatlayotgan Nabucco loyihasi amalga oshsa, Bolgariya uchun qo’shimcha daromad manbai bo’lib xizmat qiladi.