Breaking News

Islom Karimov kadrlarni chiylamoqda


Ayrimlar fikricha, O`zbekistonda kadrlar tanlashda yangicha yondashuv kuzatilmoqda.

Oddiy misol, deydi ular, “Adolat” Sotsial-demokratik partiyasidan prezidentlikka nomzod qilib ko’rsatilgan Dilorom Toshmuhammedova Oliy Majlis raisi etib tayinlandi.

Ko`pchilik uchun bu kutilmagan hol bo’ldi.

Chunki saylovdagi nomzodlar siyosiy sahnani tez tark etadi degan taxminlar mavjud edi. Sal avval Rustam Azimov bosh vazir o`rinbosari etib tayinlangan.

“15-16 yildan buyon avtoritar tuzumda yashayotgan xalqning korrupsiyaga botgan amaldorlardan ko`ngli sovub borayapti. Prezident yangi lavozimga o`tgach, rahbarlarni yangilashi kutilgan edi. Bu narsa Rustam Azimov bilan boshlanib, Dilorom Toshmuhammedovada to`xtadi. Bu mamlakatda kadrlar bo`yicha islohotlar qilish, ishonch uyg`otish va yangi bir havo olib kirishga urinishga o`xshaydi ” - deydi mustaqil jurnalist Abdurahmon Tashanov.

Kuzatuvchilar fikriga ko`ra, salkam 15 yildan buyon Oliy Majlisga rais bo’lgan Erkin Xalilov siyosiy sahnada biron iz qoldirmagan.

Prezident saylovida hukumatga sodiqligi sinalgan Dilrom Toshmuhammedova siyosiy hayotda biror o`zgarish amalga oshiradimi?

“Uning tushnchasi, dunyoqarashi, bilimi ham Erkin Xalilovnikidan farq qilmaydi. O`sha doiradagi kadrlardan. Bunaqa almashishlar o`zgarish olib kelmaydi. Siyosatni O`zbekistonda faqat bitta odam qiladi. Boshqalar aralashishga qodir emas. G`arb bilan yaqinlashishmi, tashqi siyosat bo`ladimi - bu pastdagi odamlarga bo`gliq emas”, - deydi muxolifatdagi “Erk” partiyasi bosh kotibi Otanazar Oripov.

O`zbekistonda kadrlar almashishi yuzasidan odatda izoh berilmaydi.

Erkin Xalilovning iste’foga chiqishi haqida aniq izoh yo’q. Taxminlarga ko’ra, u o`g`lini kaltaklagan o`smirlarga haddan ortiq jazo qo`llagan, shu bois ishdan olingan. Voqea tafsiloti jamoatchilikka ma`lum qilinmagan.

Ayni paytda Erkin Xalilovning o`g`lini kaltaklagan o`smirlarga belgilangan jazo muddati kamaytirilgani va ular “Jasliq” qamoqxonasidan Qarshiga ko`chirilgani haqida ma`lumot bor.

Keyingi paytda ayrim axborot vositalarida yuqori tabaqagi amaldorlarning korrupsiyaga aralashgani yoki lavozimini suiistemol qilgani haqida ma`lumotlar chiqa boshladi.

“Hokimiyat organi vakillari bilan gaplashsangiz, hammasining orqasi iflos, hammasi jinoyatchi. Faqat buning qachon, qayerda ochilishiga bog`liq. Bu narsa hokimiyat vakillariga ham tegishli”, - deydi Otanazar Oripov.

Ma`lumotlarga ko`ra, hukumat tarkibida o`zgarishlar davom etishi kutilmoqda. Biroq kadrlar almashinuvining O`zbekistonda siyosiy yangilik qilishi shubha ostida.

Kuzatuvchilar ta’biricha, yaqin yetti yilda muxolif fikrga ega o`zbek rasmiysini uchratish mumkin bo`lmaydi.

XS
SM
MD
LG