Breaking News

AQShda Pokistonga nisbatan siyosat muhokama ostida


AQSh Markaziy Razvedka Boshqarmasi direktori Maykl Xeyden Pokiston sobiq bosh vazirasi Benazir Bxuttoning o’ldirilishida al-Qoidaga aloqador jangarilar va qabilavaiy yetakchilardan biri, Baytulloh Ma’sudni ayblamoqda. Pokiston prezidenti Parvez Musharraf ham al-Qoida bilan til topishgan jangarilarga ayb qo’ymoqda. Tergov o’tkazish uchun Britaniyadan Skotland-Yard mutaxassislari Pokistonga taklif etilgan edi.

Bxuttoning turmush o’rtog’i Osif Ali Zardori taftishni BMT o’tkazsin deya talab qilmoqda. Ba’zi AQSh qonun chiqarivuchilari ham ishonchli tergov o’tkazilishiga chaqirmoqda.

Vakillar Palatasida Yaqin Sharq va Janubiy Osiyo masalalari bo’yicha quyi qo’mita raisi Garri Akerman shular jumlasidan.

"Bunday tergov bilan turli taxminlarga barham berish kerak," deydi kongressmen.

Vakillar Palatasining Tashqi aloqalar qo’mitasi a’zosi, Jorjiya shtatidan kongressmen Deyvid Skottning aytishicha, sinchkov tergov prezident Musharrafga ham kerak.

"Pokistonliklarning ko’pchiligi Musharrafdan gumon qilmoqda. Masalaga oydinlik kiritilmas ekan uning hukumati qulashi mumkin," deydi Deyvid Skott.

AQShlik mutaxassislar fikricha, Musharrafdan sud tizimini tiklashni, siyosiy partiyalar va matbuotga o’tgan yili qo’yilgan cheklovlarni bekor qilishni talab qilish kerak.

Kongressda o’tgan tinglovda tahlilchi Kristin Feyr shunday dedi:

"Pokistonda siyosiy vaziyat hali-beri yaxshilanmas ekan, Qo’shma Shtatlar barcha siyosiy partiyalar, muhim institutlar va fuqarolik guruhlari bilan aloqada bo’lishi, Pokiston qurolli kuchlari bilan esa ishchi munosabatlarni ushlab turishi kerak," deydi amerikalik tahlilchi.

Vashingtondagi Xeritij Jamg’armasida Pokiston bo’yicha mutaxassis Liza Kurtis ham Kongressdagi tinglovda hisobot bergan. Uning fikricha, Pokistonda Musharraf obro’si aholi va harbiylar orasida tushib borar ekan, uni muvaqqat arbob sifatida ko’rish lozim.
"Pokistonda yangi hukumat shakllangach, AQShning bu mamlakatga nisbatan siyosati bir oz o’zgaradi," deydi Liza Kurtis.

Kaliforniya shtatidan kongressmen Dena Rorabaker nazarida Qo’shma Shtatlar Pokistonga nisbatan siyosatini shakllayotganda asosiy diqqatni faqatgina Parvez Musharraf, Pokiston armiyasi va xavfsizlik kuchlariga qaratmasdan xalqi bilan ham ish yuritishi zarur.

Kongressdagi tinglovda yana bir tashkilot vakili, tahlilchi Eshli Tellis ham AQShning Pokistonga nisbatan siyosati qanday bo’lishi kerakligi haqida fikr bildirdi.

Uning aytishicha, Pokiston rahbariyati Qo’shma Shtatlar diqqatini jalb qiluvchi al-Qoida va unga aloqador terror guruhlariga qarshi kurashib, boshqalariga, masalan Kashmirdagi jangarilarga panja orasidan qaramoqda.

Kongressmen Garri Akermanning ta’kidlashicha, Pokiston xalqi terrorga qarshi urush AQSh uchun emas, avvalombor o’zi uchun kerakliligini anglashi kerak.

"Xalq minglab begunoh pokistonliklarning o’limiga olib kelgan politsiya, harbiylar, hukumat vazirlari va siyosiy arboblarga qarshi uyushtirilgan suiqasd xurujlarini o’zlariga qarshi, davlatchilikka qarshi, institutlariga qarshi, demokratiyasiga qarshi deb bilishi kerak," deydi kongressmen Akerman.

Kongressdagi tinglovda hisobot bergan mutaxassislar Pokistonda siyosiy zo’ravonlik kuchayib, hukumat qulasa, mamlakat yadro arsenali xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan rejani ishlab chiqish kerak demoqda.

XS
SM
MD
LG