Breaking News

Rossiya-Gruziya munosabatlari yaxshilanishi kutilmoqda


5 yanvar kuni muddatidan erta o’tgan saylovlarda Saakashvili 53 foiz ovoz to’pladi. To’rt yil burungi saylovlarda bu ko’rsatkich 96 foizni tashkil qilgan edi.

Bunga sabab, deydi Vashingtondagi REND Korporatsiyasi tahlil instituti mutaxassisi Olga Oliker, aholi Atirgul Inqilobi davomida berilgan va’dalarning bajarilmaganidan xafa bo’lib, inqilob rahbarlaridan ko’ngli qolgan.

"Umid bor joyda ko’ngil qolish ham bo’ladi. Sovet davrining siyosatchisi bo’lgan Eduard Shevardnadze o’rniga yosh, iqtidorli Mixail Saakashvili hokimiyat tepasiga kelgach, hammada umid paydo bo’lgan edi," deydi Oliker.

Biroq Saakashvili avtoritar boshqaruv tizimiga berilib ketdi. Matbuot erkinligi va muxolifat faoliyati cheklandi, prezident vakolatlari kengaytirildi. Natijada aholi o’zini aldangan deb his qilib, o’tgan noyabr oyida poytaxt Tbilisida bir necha kun davomida ko’p ming kishilik namoyishlar uyushtirib, Saakashvilini iste’foga chaqirgan edi.

Saakashvili muddatidan erta saylovlar o’tkazishga majbur bo’ldi. Xalqaro kuzatuvchilar saylovlarni erkin va adolatli deya baholadi. Muxolifat esa o’zgacha fikrda.

Tahlilchilar nazarida Saaakshvili qayta saylangach ham o’zi tanlagan siyosatidan voz kechmaydi.

Chikago universiteti professori Ronald Sunining aytishicha, u Rossiyadan uzoqlashishda, NATOga esa yaqinlashishda davom etadi.

"Gruziyaliklar o’zlarini qadimiy nasroniy davlat sifatida, Yevropaning sharqiy chegarasi sifatida ko’radi. Shu sabab Gruziya NATO va Yevropa Ittifoqi bilan iloji boricha yaqinroq bo’lishga harakat qiladi. Chunki aynan shu yo’l bilan Rossiya tahdidiga nisbatan o’z xavfsizligini kuchaytirishi mumkin."

Gruziyaning G’arbga intilishi rasmiy Tbilisi va Moskva o’rtasidagi munosabatlarni keskinlashtirmoqda.

Bundan tashqari Gruziyadan ajralgan, biroq xalqaro hamjamiyat tomonidan tan olinmagan Rossiyaga chegaradosh ikki hudud – Abxaziya va Janubiy Osetiya ham Tbilisi-Moskva kelishmovchiligini kuchaytirmoqda.

Nyu-Yorkdagi Kolumbiya universiteti professori Robert Legvold fikricha, Saakashvili ikkinchi prezidentlik muddati davomida mana shu muammolarni hal qilishi kerak.

"Gruziya hududiy yaxlitligini tiklash Saakashvili oldida turgan asosiy vazifa. U qo’ldan chiqqan hududlarni qaytara oladimi? Xalq mana shunga qarab unga baho beradi."

Chikago universitetidan Ronald Suni bu – murakkab vazifa deydi.

"Namoyishlardan so’ng mamlakatda obro’si tushgan Saakashvili uchun bu oson bo’lmaydi. Saakashvili Abxaziya va Janubiy Osetiya muammosini hal qilish uchun avvalombor Rossiya bilan jiddiy muzokara o’tkazishi kerak," deydi Suni.

Aksariyat tahlilchilar nazarida Gruziya-Rossiya aloqalari asta-sekin yumshamoqda.

Inaguratsiyada qilingan nutqida Saakashvili “Gruziya Rossiyaga do’stlik qo’lini cho’zmoqda” degan. Qasamyod marosimiga borgan Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov esa “tadbirda ishtirok etishim Rossiya Gruziya bilan aloqalarni yaxshilamoqchi ekanidan dalolat” degan.

Kolumbiya universiteti professori Robert Legvoldning aytishicha, tomonlar gruzin mineral suvi va vinosiga qo’yilgan boykotni muhokama qilishi kutilmoqda.

"Rossiya bu borada Gruziya uchun katta bozor. Bu birinchi qadam bo’ladi," deydi u.

Tahlilchilar nazarida Abxaziya va Janubiy Osetiya muammolaridan farqli o’laroq, vino va mineral suv masalasiga yechim topish qiyin emas.

Ikki tomonlama munosabatlarni yaxshilash uchun, deydi mutaxassislar, davlatlar murosaga tayyor bo’lishi kerak. Buni esa Rossiyada mart oyida yangi prezident kelgach amalga oshirish osonroq bo’ladi.

XS
SM
MD
LG