Breaking News

O'zbekiston ko'p qirrali tashqi siyosatga intilmoqda


Sharhlovchilar nazarida O’zbekiston-G’arb aloqalari iliqlashar ekan, O’zbekiston-Rossiya munosabatlariga putur yetayotgani yo’q. Moskvada faoliyat ko’rsatuvchi siyosatshunos Sanobar Shermatova fikricha, O’zbekiston hukumati ko’p qirrali tashqi siyosat yuritishni o’rganmoqda.

Sanobar Shermatova RIA Novosti axborot agentligida MDH davlatlari bo’yicha ekspertlar kengashi a’zosi. Uning aytishicha, O’zbekiston-Rossiya aloqalarini ijobiy deb atashga asos bor.

"Islom Karimovni yangi muddatga saylanishi bilan birinchi bo’lib Vladimir Putin tabrikladi. Aloqalar iliq, do’stona, sheriklik va ittifoqchilik asosida qurilmoqda."

Lekin bu bilan muammolar yo’q deb bo’lmaydi, deydi siyosatshunos. Ular ikki tomonlama aloqalarda bo’lgani kabi ham iqtisodiy, ham siyosiy, ham xavfsizlik yo’nalishlarida mavjud.

"Bunga sabab har bir davlatning doim ham bir-birinikiga mos kelmagan o’z milliy manfaatlarining borligi. Shunga qaramay O’zbekiston va Rossiya pozitsiyalari ko’p jihatdan mushtarak."

Mutaxassislar fikricha, Andijon voqealaridan so’ng sovuqlashgan O’zbekiston-Yevropa va O’zbekiston-AQSh munosabatlari asta-sekin izga tushmoqda. Bu Rossiyani xavotirga solmay qo’ymaydi, deydi Sanobar Shermatova.

"Rossiya Markaziy Osiyo siyosiy sahnasidagi o’yinchilardan biri hisoblanadi. Boshqa o’yinchilarning bu sahnaga kirishi yoki mintaqaga ta’sirining kuchayishi Rossiya va Xitoyga muammo tug’diradi."

Yevropa Ittifoqining yonilg’iga bo’lgan ehtiyoji hamda Afg’onistonda vaziyatning hamon notinch ekani Yevropa va AQShni O’zbekiston bilan aloqalarni yaxshilashga majburlamoqda, deydi Shermatova.

"O’zbekiston esa tashqi siyosat ko’p qirrali bo’lishi kerakligini anglab yetgan. Osiyoda Yaponiya va Xitoy, Yevropada Rossiya va Germaniya bilan mustahkam aloqalarga ega O’zbekiston Qo’shma Shtatlarni inkor etib bo’lmasligini tushunib bormoqda."

Sanobar Shermatova fikricha, O’zbekiston ko’p qirrali tashqi siyosat yurita olmay, so’nggi yillar ichida o’zini yakkalab qo’ygan edi. Buning ortida xavfsizlik sabablari bor, deydi u.

"80-yillarda “O’zbek ishi” deb nomlangan korrupsiyaga qarshi tergov jarayonidan so’ng Kremlga qarshi adovat hissini saqlab qolgan O’zbekiston G’arb bilan aloqa o’rnatishga kirishadi. Tojikistondagi fuqarolik urushi chegaralarning yopilishiga va Rossiya tomon og’ishga olib keladi. Tolibon va O’zbekiston Islomiy Harakati tahdidi kuchaygach va Rossiyadan harbiy yordam kafolatlarini ololmagach, Qo’shma Shtatlar bilan ittifoqchilik munosabatlari rivojlanadi. Qo’shni Qirg’izistondagi demokratik jarayonlar natijasida ilg’or g’oyalarning O’zbekistonga kirish ehtimoli kuchaygach, O’zbekiston Markaziy Osiyoda ham yakkalanib boradi. Inson huquqlari masalalari bo’yicha bosim natijasida 2003 yildan boshlab O’zbekiston G’arbdan ham uzoqlasha boshlaydi. Andijon voqealaridan so’ng esa rasmiy Toshkent Rossiya va Xitoy tomon buriladi. Ya’ni mamlakat va tuzum xavfsizligi masalalari O’zbekistonga ko’p qirrali tashqi siyosat shakllantirishga imkoniyat bermay kelgan."

Islom Karimovning Rossiyaga tashrifi bo’yicha ma’lumot kam. Ishchi tashrif davomida rasmiy hujjatlar imzolanishi kutilmayapti.

XS
SM
MD
LG