Breaking News

Tog'ay Murod - o'zbek adabiyotida yorqin iz qoldirgan adib


O’zbekistonda hazrat Alisher Navoiy tavalludining 567 yilligi nishonlandi.

Navoiy haqidagi chiqishlarning aksariyati uning ijodi emas, balki mafkuraviy ahamiyatini kasb etadi. Navoiy ijodiga sobiq ittifoq davrida ham katta e`tibor berilgan.

U davrda Navoiy o`zbek adabiy tili asoschisi deya tan olingan bo`lsa, hozir uning diniy-falsafiy, axloqiy-ijtimoiy qarashlariga ham e`tibor kuchaygan.

Adabiyotshunoslar nazarida Navoiy shubhasiz ulug' ehtiromga arzigulik dahodir.

Lekin Sobiq Ittifoqi davrida bo’lgani kabi bugun ham O`zbekistonda adabiyotga katta hissa qo'shgan ko'plab adiblar jamoatchilik e`tiboridan chetda qolmoqda.

Adabiyotshunoslar fikricha Navoiyni ideallashtirish jarayoni davom etayotgan bir davrda, ayrim zamonaviy adiblar unutilmoqda.

Zamonaviy o`zbek adabiyotining yorqin yulduzlaridan biri marhum adib - O`zbekiston xalq yozuvchisi Tog`ay Murod hayot bo’lganida fevral oyida 60 yoshini qarshilagan bo’lardi.

Yozuvchi Luqmon Bo`rixonning aytishicha “1980-90- yillarda o`zbek adabiyotida bir yorqin yulduz porladi - bu Tog`ay Murod edi. U adabiyotga o`zining ilk “Davra” asari bilan lovullab kirdi desak mubolag`a bo`lmaydi. Ustoz Said Ahmad ta’rifi bilan aytganda, o’zbek adabiyotida uloq Tog`ay Murodda ketdi. Sho`ro davrida nasrda va nazmda ham bir xil qolip bor edi, aynan shu qolipda yozish talab qilinardi. Tog’ay Murod birinchilardan bo`lib shu qolipni buzdi. Uning asarlarida milliy ruh ko`rindi. Bu anchadan buyon milliy o`zlikka chanqoq kitobxonlar kutayotgan asarlar edi”.

Tog`ay Murod 2003 yilda 55 yoshida to`satdan vafot etdi. Uning o`limiga asosan yurak xastaligi sabab qilib ko’rsatilsada, jamoatchilik orasida bu fojea yuzasidan turli qarashlar mavjud.

Yozuvchining turmush o’rtog’i Mahfuza Murodova Tog`ay Murod shaxsi, u bilan bilan bog`liq xotiralar haqida intervyu bera olmasligini bildiradi.

Mahfuza opa "Tog`ay Murod hayotligida sodiq qolgan an`anani buza olmayman",- deydi.

Tog`ay Murod jamoatchilikdan chetda yurardi. Kitobxonlar orasida mashhurligiga qaramasdan ommaviy axborot vositalariga deyarli intervyu bermas edi.

“Tog`ay Murod kibrlanmagan. U o`zini jamoatchilikdan uzoq tutgan. Nazarimda uning shaxsiyati hali ochilmagan, noma`lum. U Albert Kamu asarlari qahramonlari kabi boshqacha bir kishi edi, uning nasri xuddi nazmga o`xshaydi. Baxshiyona, o`zbekona usulda yozilgan”, - deya fikr bildiradi shoir Bahrom Ro’zimuhammad.

Yozuvchining yaqin tanishlariga ko`ra, Tog`ay Murod adabiyotchilarning siyosiy sahnaga chiqayotgani, aldov va yasamalikka sherik bo`layotganini qabul qila olmagan.

O`zbekiston xalq yozuvchisi unvoniga sazovor adibning jamoatchilikdan uzoqlashib borgani shu sabab bilan izohlanadi.

Shu qatorda ayrim yozuvchilar Tog’ay Murodning iste`dodidan qat’iy nazar uning ziddiyatli xarakterini ham e`tirof etadilar.

Tog`ay Murod, deydi adabiyotshunoslar, o`zbek millatining yaqin tarixdagi taqdiri va timsolini yoritishga uringan.

Adib yaratgan timsol qanchalik achchiq bo`lmasin uni inkor etish qiyin deydi ular.

Tog`ay Murodning “Otamdan qolgan dalalar” romani rus imperiyasi bosqinidan boshlab, oddiy bir o'zbek oilasi qanday xo`rliklar va qanday umidlar bilan yashagani haqida hikoya qiladi.

Adabiy jamoatchilikda muhim voqea sifatida e`tirof etilgan mazkur romandan so`ng Tog`ay Murodga xalq yozuvchisi degan unvon berilgan. Asar keyinchalik kino ekranlarga ham chiqarildi.

Adiblar fikricha mamlakatda so'z va fikr erkinligi cheklangan ekan va ta'lim saviyasi pasayib borar ekan, adabiyotga va uni yuksaltirgan shaxslarga ham e'tibor pasayib bormoqda.

XS
SM
MD
LG