Breaking News

Markaziy Osiyo yadroviy xavf bilan yuzlashmoqda


Pokiston ichki nizolar va siyosiy beqarorlik domida ekan, mamlakat atom qurollarining jangarilar qo’liga tushish xavfi yanada kuchaygan.

Yaqinda O`zbekiston BMTning yadroviy terrorizmga qarshi kurash bo'yicha xalqaro konvensiyasiga qo`shildi va bu borada qonun qabul qilindi.

O`zbekiston Oliy Majlisining Mudofaa va xavfsizlik bo'yicha qo'mitasi raisi o`rinbosari Baxtiyor Yoqubovning aytishicha bugun xalqaro terrorizmga qarshi kurash bilan bog`liq vaziyat e`tiborga olinganda tahdid mavjudligini rad etib bo`lmaydi.

“Aynan shunday tahdidlar bo`lmasligi uchun o`zaro axborot almashish muhum ahamiyat kasb etadi. Konvensiya shuni nazarda tutadi. Yadroviy tahdid deganda albatta bizni hududni inobatga olish kerak. Qayerda joylashganimiz, atrofda bir qator davlatlar yadroviy qurolga egaligi. Markaziy Osiyoda esa avvaldan yadro qurollarini ishlab chiqarishda turli komponentlar sinab ko`rilgan”, - deydi Yoqubov.

Qonun chiqaruvchining so'zlariga qaraganda O`zbekistonning BMT konvensiyasiga qo`shilishi davlatning bu borada xalqaro hamkorlikka tayyorligini ifodalaydi.

“Bu qonun albatta muhum yangilik qilmaydi, chunki O`zbekistonda mustaqillik yillarida xalqaro terorizmga qarshi kurash, ommaviy qirg`in qurollarida ishlatilishi mumkin bo`lgan moddalar nazorati yuzasidan yetarli qonunchilik bazasi yaratilgan. Bu sohada ishlaydigan tashkilotlar bor. Konvensiyaning qabul qilinishi o`zaro hamkorlikka ahamiyat qaratishni nazarda tutadi. Konvensiyani qabul qilgandan keyin unda ko`rsatilgan majburiyatlarni ham bo`ynimizga olayapmiz ”, - deydi Oliy Majlis a'zosi.

Siyosatshunos Farxod Tolipov fikricha O`zbekiston yadro quroliga ega bo`lmasada, uni no-yadroviy davlatlar qatoriga qo`shib bo'lmaydi.

“Chunku bizda bu borada ilmiy tadqiqotlar olib boriladi, qolaversa tabiiy zahiralarimizda yadro quroli uchun ishlatilishi mumkin bo`lgan uran, plutoniy kabi moddalar bor ”, - deydi u.

Markaziy Osiyo yadroviy quroldan xoli zona degan xalqaro bitim imzolangan. Hujjat yadroviy qurolga ega davlatlar tomonidan ham tasdiqlangan.

Lekin, deydi siyosatdonlar, mazkur bitim mintaqa yadroviy tahdidga uchramasligini kafolatlaymaydi.

Farxod Tolipov nazarida tahdid nafaqat terror tizimlari ommaviy qirg`in qurollarini qo`lga kiritishga urinayotgani bilan, balki mintaqada murakkab geosiyosiy jarayonlar ketayotgani bilan ham bog'liq.

Markaziy Osiyo dunyoning boshqa mintaqalaridan farqli ravishda asosan yadroviy qurolga ega davlatlar tomonidan qurshab olingan deydi u.

“Markaziy Osiyo bugun muhim transformatsiyani boshdan kechirmoqda. Juda muhim geosiyosiy o`yinlar yuz bermoqda. Qolaversa hali turli tahdidlar yo`q qilinmagan, jumladan Afg`oniston hamon beqaror",- deydi siyosatshunos. "Bular hammasi mintaqa uchun yadroviy tahdid naqadar dolzarb masala ekanidan dalolatdir".

Markaziy Osiyoda Sovet davridan qolgan yadroviy chiqindi va moddalarning aksariyati Amerika yordami bilan Rossiyaga qaytarilgan. Dastur hali ham davom etmoqda. AQSh Kongressi tashabbusi bilan imzolangan bir necha million dollarlik bitimga binoan Rossiyda bu materiallar barbob etilishi kerak.

XS
SM
MD
LG