Breaking News

AQSh Xitoy va Rossiya bilan qurolsizlanish bo'yicha munozara qilmoqda


Kecha Jenevada 65 davlat vakillari ishtirokida qurolsizlanishga doir anjuman bo’lib o’tdi. AQSh matbuotiga ko’ra, Xitoy va Rossiya fazoda qurollanish poygasini, Qo’shma Shtatlar esa yadro materiallari ishlab chiqarishni taqiqlashga chaqirmoqda.

“Vashington Tayms” gazetasiga ko’ra, Qo’shma Shtatlar uchun asosiy masala – bu plutoniy va kuchli boyitilgan uranni taqiqlashga qaratilgan bitimga erishish. Qo’shma Shtatlar ushbu materiallardan yadro qurolini yaratishda foydalanilishidan xavotirda.

AQShning Jenevadagi anjumanda ishtirok etgan guruhi rahbari Kristina Rokka so’zlariga qaraganda, bu bilan terrorchilarning yadro materiallariga egalik qilishining oldi olinadi. Biroq bunday bitimni qabul qilishga Ikkinchi jahon urushidan beri imkon bo’lmayapti. Bitim kuchga kirishi uchun uni barcha 65 a’zo-davlat imzolashi kerak.

Rossiya bilan Xitoyni esa AQShning fazoga qurollarni olib chiqishga qaratilgan dasturlari tashvishga solmoqda. Jenevadagi anjumanda Xitoy va Rossiya bunday dasturlarni man qilishga qaratilgan bitim loyihasi bilan chiqdi. Rasmiy Vashington nazarida bitim AQSh texnologik taraqqiyotini to’xtatishga qaratilgan bo’lib, Xitoy va Rossiyaga harbiy ustunlikka erishishga imkon beradi.

AQShda chiqadigan “Charlston Deyli Meyl” gazetasiga ko’ra, Qo’shma Shtatlarning fazodagi qurollari samoda unga tegishli 400 ga yaqin sun’iy yo’ldosh va raketalarini himoya qilish uchun zarur.

Xitoy va Rossiya taklif etayotgan bitimga ko’ra, fazoga har qanday qurollarni joylashtirish va kosmosdagi ob’yektlarga raketa otish man etiladi.

O’tgan yil Xitoy ob-havoni o’lchashda ishlatiladigan eski sun’iy yo’ldoshini urib tushirgandan so’ng apparatning minglab parchalari fazo bo’ylab tarqalishi katta xalqaro diplomatik janjalga olib kelgan edi.

Ayrim ma’lumotlarga ko’ra, Qo’shma Shtatlar raketaga qarshi mudofaani fazo orqali amalga oshirmoqchi. Prezident Bushning 2006 yil oktyabrida chiqargan ko’rsatmasiga ko’ra, AQSh kosmik qurollarni rivojlantirishga haqli va ularni cheklashga qaratilgan har qanday choraga qarshi turadi.

Bu hol Xitoy va Rossiyada qurollanish poygasi avjga chiqyapti degan tashvish uyg’otmoqda, deb yozadi “Charlston Deyli Meyl”.

XS
SM
MD
LG