Rossiya Ukrainaning Shimoliy Atlantika bloki – NATOga qo’shilishiga tamoman qarshi.
Agar NATO bu mamlakatda raketa tizimlarini joylashtirsa, deydi prezident Vladimir Putin, Rossiya raketalarini Ukrainaga qaratishga majbur bo’ladi.
AQSh Davlat kotibasi Kondoliza Rays Putinning bayonotini tanqid qilgan.
Ukraina rahbari Viktor Yushenko fikricha esa har bir mamlakat mudofaa va xavfsizlik siyosatini o’zi belgilaydi. NATOga qo’shilish masalasida Rossiya bilan maslahatlashamiz deydi u.
Masala kelasi oy NATO sammitida ko’rib chiqiladi. Kreml Shimoliy Atlantika ittifoqi kengayishini Rossiya xavfsizligiga tahdid deb biladi.
Ikki mamlakat prezidentlarining Moskvadagi uchrashuvida gaz savdosi bo’yicha kelishuvga erishilgan. Unga muvofiq Rossiya Ukrainani gaz bilan ta’minlashda davom etadi.
Joriy yilda Ukraina har 1000 kubometr tabiiy gaz uchun 179 dollar to’laydi. Gazprom kompaniyasi hisobicha Ukrainaning Rossiya oldidagi qarzi 1,5 milliard dollarga yetgan. Kremlda o’tgan matbuot anjumanida prezident Viktor Yushenko qarzni uzishga kirishamiz, ta’minot kesilmaydi dedi.
Ukrainaga gaz Rossiya hududi orqali Markaziy Osiyodan yetkaziladi. Vladimir Putinning aytishicha, mintaqada qahraton qish bu yili ta’minotni kamaytirib, narx-navoni oshirgan.