Breaking News

Transport tizimi - Yevrosiyo iqtisodiy taraqqiyoti garovi


Yevropa va Osiyoning 19 davlatidan transport vazirlari mintaqa iqtisodiyotini rivojlantirish uchun transport aloqalarini takomillashtirishni davom etishga kelishib oldilar. BMTning Yevropa bo’yicha iqtisodiy komissiyasi homiyligida o’tgan uchrashuvda ta’kidlanishicha, agar Yevrosiyo bo’ylab transport tizimi yaxshilanmasa, mintaqa iqtisodiy yuksalishdan bebahra qolishi mumkin.

Yevrosiyo transport vazirlari Ipak Yo’lini qayta ochishga umid bag’ishlamoqda. Dastlabki izlanishlarga ko’ra, buning uchun yuzlab milliard dollar pul va ko’p yil kerak bo’ladi. Shunga qaramay uchrashuvga yig’ilgan transport vazirlari Ipak Yo’li bo’ylab joylashgan mamlakatlarni bir-biriga bog’lovchi temir yo’l qurmoqchi.

BMT vakili Berri Keyblning aytishicha, buning oqibatida savdo va turizm kuchayadi.

"Ipak Yo’lining tiklanishi nafaqat Markaziy Osiyo va Sharqiy Yevropa davlatlari uchun, balki dengiz yo’llaridan uzoqda joylashgan Osiyo davlatlari uchun ham imkoniyat yaratadi," deydi BMT rasmiysi.

Besh yil burun ishga tushgan Yevrosiyo Transport aloqalari loyihasi mintaqada transport infratuzilmasi, band portlar, markazlarni olisdagi aholi punktlariga ulovchi yo’llar va chegaradan o’tish tartibini takomillashtirishga qaratilgan.

Mintaqa davlatlari nazarida aynan shu muammolar iqtisodiy taraqqiyotga g’ov bo’lmoqda.

BMTning transport bo’yicha mutaxassisi Miodrag Pesutning aytishicha, yukni dengiz yo’llari orqali jo’natishga odatda 35-40 kun vaqt ketadi. Temir yo’l ochilsa, vaqt ikki baravarga tejaladi.

"Albatta, temir yo’lni qurish ancha qimmat turadi, biroq bizneslar uchun molni o’z vaqtida yetkazish juda muhimdir va temir yo’l bu borada dengiz yo’lidan ustun, deydi u.
Ayni damda Ozarbayjon, Qozog’iston, Eron va Xitoyda yirik transport loyihalari amalga oshirilmoqda. Birgina Xitoyning o’zi temir yo’l tizimini kengaytirishga 12 yarim milliard dollar sarflamoqda.

Harajatlarning asosiy qismini hukumatlar o’z bo’yniga olgan, biroq ayrim tarraqqiyot banklari ham grant va kreditlar ajratmoqda.

XS
SM
MD
LG