Breaking News

AQShda saylovlarni siyosiy reklamalar qizitadi 


AQShda saylov kampaniyalari shunday jarayonki, muayyan nomzodlarga yordam berish yoki ularni tanqid qilishni ko’pincha uchinchi bir tomon amalga oshiradi.

Ba’zi siyosatchilar bu lobbichi guruhlarni nomzodlar bilan til biriktirganlikda ayblaydi.

Massachusetts shtati senatori Jon Kerri 2004 yilda Demokratik partiyadan prezidentlikka nomzod edi. O’shanda Kerri birinchi muddatini tugatgan prezident Jorj Bushga qarshi kampaniya yuritgan.

Biroq saylov yaqinlashgach, televideniyeda qator tanqidiy reklamalar namoyish etildi. Jon Kerrining Vyetnam urushidagi safdoshlari unga tosh ota boshladi.

Ularda “Jon Kerri Vyetnamda o’z safdoshlariga xiyonat qilgan”, “Kerri vataniga xoinlik qilgan. Mana mendan so’rang!”, “Jon Kerri bilan xizmat qilganman. Unga ishonib bo’lmaydi”, - degan shior va hayqiriqlar aks etgan edi.

Prezident Bush saylov kampaniyasining bu reklamalarga aloqasi yo’q. Ularni “Haqiqat Uchun Veteranlar” nomli mustaqil siyosiy guruh tayyorlagan. Kuzatuvchilar nazarida Jon Kerri qisman ana shu reklama deb ham poygani Bushga boy bergan.

“Haqiqat Uchun Veteranlar” kabi siyosiy lobbichi guruhlarni odatda “527” deb atashadi. AQSh soliq kodeksining shu bandi ularni soliqdan ozod etadi.

Federal saylov komissiyasidan mustaqil, lobbichi guruhlar juda faol. 2004 yilda MoveOn.org guruhi prezident Bushni tanqid qilib televideniyeda reklama bergan edi.

“Rojdestvo yaqinlashmoqda, Jorj Bushning homiylari uchun bu haqiqiy bayram. Dori-darmon kompaniyalari bemorlar pulini shilyapti. Mudofaa kompaniyalari Iroqda katta pul qilyapti. Shubhasiz, Bush ular uchun qorbobo!”, - deyilardi unda.

Saylovga ta’sir ko’rsatuvchi “527” guruhlari nomzodlarni balchiqqa qorishtirsa ham, obro’sini bir pul qilsa ham javobgarlikka tortilmaydi, demokratlarning siyosiy maslahatchisi Piter Fenn.

“Ularni mustaqil deymiz-u lekin ular aslo mustaqil emas. Muayyan nomzod yoki partiyalarning nog’orasiga o’ynaydi. Saylovdagi mavzu va manfaatlarni juda yaxshi tushunadi. Saylov kampaniyasining ajralmas qismi ular.”

Ammo Vashingtondagi konservativ, Heritage siyosiy-tahlil instituti xodimi Brayan Darling bu borada boshqacha firkda.

“Bu tashkilotlar saylov kampaniyalari bilan til biriktirmaydi. Gap shundaki, ularning reklamasi, tanqidi va dasturini hech kim nazorat qila olmaydi.”

Lobbichi siyosiy guruhlar nafaqat prezident kampaniyalarida faol. Yuqori soliqlarga qarshi guruh - “Taraqqiyot Klubi” 2006 yilda Ogayo shtatida Kongress poygasida ham fuqarolarga murojaat qilgan edi.

Lobbichi guruhlar ishining ko’zini biladi deydi siyosatshunoslar. Oq uy uchun bu yilgi poygada ham tanqidiy reklamalar ishga solinishi aniq.

XS
SM
MD
LG