Breaking News

Pokistonda koalitsion hukumat tuziladi


Pokistondagi parlament saylovlarida eng ko’p ovoz to’plagan ikki muxolif partiya koalitsion hukumat tuzishga kelishib olgan. Qo’shma Shtatlar Pokistonda yangi hukumat qanday bo’lishi haqida o’ylanmoqda.

Parvez Musharrafga xayrixoh partiya saylovlarda g’alaba qozonolmaganiga qaramay, Pokiston prezidenti hokimiyatdan ketmasligini bildirgan.

Qo’shma Shtatlar Musharrafni terrorga qarshi kurashdagi hamkori deb bilsa-da, saylovlardan oldin o’tkazilgan so’rov natijalariga ko’ra, pokistonliklarning atigi 9 foizi AQSh bilan hamkorlikni qo’llab-quvvatlaydi. Ayrimlar nazarida saylovlardan birinchi navbatda Qo’shma Shtatlar yutqazgan.

Shunga qaramay AQSh prezidenti Musharraf saylovlarning adolatli o’tishini ta’minladi deb, uni maqtagan.

"U saylovlarni o’tkazishga va favqulodda holatni bekor qilishga so’z berib, uning ustidan chiqdi. Umid qilamizki, yangi hukumat AQShga do’st bo’ladi," dedi Jorj Bush.

AQShning Pokistondagi sobiq elchisi, ayni damda ushbu mamlakat haqida kitob yozayotgan Uillyam Milamning aytishicha, Qo’shma Shtatlar terrorga qarshi kurashda ittifoqchilarga muhtoj.

"Hokimiyat tepasiga kelayotgan siyosiy arboblarning ba’zilari bilan ilgari ish yuritganmiz. Bu – Navoz Sharif. Ammo siyosiy sahnaga chiqqan yangi arboblar bilan yaqindan tanishishimiz kerak bo’ladi," deydi Milam.

Sobiq bosh vazir Sharif Musulmon Ligasining raisi. Yana bir muxolif guruh, Xalq partiyasini esa suiqasd xurujida o’ldirilgan Benazir Bxutonning turmush o’rtog’i Osif Zardari boshqarmoqda. Saylovlarda ishtirok etmagani bois ularning hech biri bosh vazir bo’la olmaydi.

Zardarining aytishicha, u qabilaviy hududlardagi radikal islomiy kuchlarga qarshi kamroq qurol ishlatib, ko’proq muloqot qilish tarafdori.

XS
SM
MD
LG