Breaking News

AQSh Janubi-Sharqiy Osiyo bilan aloqalarni mustahkamlamoqda


Qo’shma Shtatlar Janubi-Sharqiy Osiyo davlatlari bilan aloqani yaxshilashda davom etmoqda. Ular orasida Hindiston, Filippin va Indoneziya AQShning eng yirik hamkorlaridan sanaladi.

Hindiston

Yaqinda AQShning ko’zga ko’ringan uch senatori Hindistonga borib, rasmiy Dehlini tinch maqsadlarni ko’zlagan , yadroviy hamkorlik bo’yicha shartnomani tezroq ratifikatsiya qilishga chaqirgan.

Bitim Hindiston tasdig’idan o’tgach, AQSh Senatiga boradi. Senator Jon Kerrining aytishicha, AQShda prezident saylovlari yaqinlashar ekan, senatorlarning bitimni ko’rib chiqishi uchun vaqt oz qolmoqda. Shu bois Hindiston uni zudlik bilan ratifikatsiya qilishi kerak.

AQSh senatorlari bitim ma’qullanmagan taqdirda AQSh-Hindiston munosabatlari sovuqlashishi mumkinligiga ishora qilmoqda. Ushbu bitim Hindistonga AQSh yadro yonilg’isi va reaktorlaridan foydalanish huquqini beradi. Hindiston esa o’z navbatida o’z yadro dasturini xalqaro inspektorlarga ochishi va dasturga ba’zi cheklovlar qo’yilishiga rozi bo’lishi kerak. Hindiston muxolifati bitimga qarshi chiqmoqda.

Hindiston rasmiy ravishda yadro quroliga ega davlat deb e’tirof etilmasada, u atom bombani ilk bor 1974 yili, so’ng esa 1998 yili sinovdan o’tkazib, shu paytgacha yadro qurollarini tarqatmaslik va yadro sinovlari bo’yicha xalqaro shartnomalarga imzo qo’yishdan bosh tortib kelgan edi.

Indoneziya

AQSh qonun chiqaruvchilari Indoneziyada ham bo’ldilar. Vakillar Palatasining olti nafar a’zosi Qo’shma Shtatlar Indoneziyaga harbiy yordamini to’xtatmasligi kerak, degan.

Kongressmen Sem Farr fikricha, biron-bir davlat xavfsizlik kuchlarini isloh qilish uchun ularni tayyorgarlikdan o’tkazish imkoniyatiga ega bo’lish kerak.

"Xavfsizlik kuchlarini tayyorgarlikdan o’tkazayotganda ularni tarbiyalash, inson huquqlarini hurmat qilishga o’rgatish o’ta muhimdir," deydi kongressmen.

O’tgan yili AQSh Kongressi Indoneziya armiyasiga 16 million dollarga teng moliyaviy yordam ko’rsatgan.

Yana bir kongressmen Jim Makdermotning aytishicha, so’nggi bir necha yil ichida Indoneziya qator siyosiy islohotlarni amalga oshirdi.

"Mamlakatda matbuot ancha erkinlashdi. Albatta, hamma narsaga erishildi deyish qiyin. Qo’shma Shtatlarni ham 100 foiz demokratik davlat deb bo’lmaydi. Demokratiya – bu doimiy jarayon."

Filippin

Filippin AQShning Janubi-Sharqiy Osiyodagi yana bir hamkori. AQShning Maniladagi elchisi Kristi Kenni mamlakatdagi asosiy isyonchi musulmon guruh rahbari bilan tinchlik jarayoniga oid masalalarni muhokama qilgan.

Tomonlar hima haqida gaplashgani ma’lum emas. Isyonchilar 40 yildan buyon janubdagi Mindanao oroli mustaqilligi uchun kurashib keladi. Aksariyati katolik nasroniylardan iborat Filippinda hukumat o’rtasida kechayotgan muzokaralar ijobiy hal bo’lishi kutilmoqda.

Isyonchilar AQSh elchisi bilan uchrashuvni tarixiy deb atamoqda.

"Isyonchilar vakili Muhojir Iqbolning aytishicha, guruhning 40 yillik tarixi davomida bironta AQSh rasmiysi guruh rahbari bilan uchrashmagan. Bu uchrashuv mahalliy musulmonlar uchun katta ahamiyatga ega," deydi Iqbol.

Biroq oroldagi barcha musulmonlar ham AQShga nisbatan birday xayrixoh emas. Elchi Kenni tashrifidan bir kun oldin minglab odamlar AQShga qarshi namoyish qilgan.

XS
SM
MD
LG