Breaking News

Demokrat nomzod kim bo'lishini superdelegatlar hal etishi mumkin


AQSh prezidentlikka nomzodlarni saralashda davom etmoqda. Yaqin kunlarda yirik shtatlar Texas va Ogayoda partiyaviy saylovlar bo’lib o’tadi.

Xillari Klinton (Hillary Clinton) va Barak Obama (Barack Obama) poygada deyarli yonma-yon ketmoqda. Obama shu paytgacha eng ko'p ovoz yiqqan. Lekin eng ko'p superdelegat hozircha Klinton tomonda.

Kim oxir oqibat respublikachi nomzod bilan bellashish uchun ma'qul topilishini, deydi siyosiy sharhlovchilar, superdelegatlar belgilasa ajabmas. Superdelegatlar- demokrat gubernatorlar, senator va kongressmenlar hamda partiya yetakchilari.

Prezidentlikka nomzod bo’lish uchun demokrat da’vogar 2,025 vakil ovozini olishi kerak. Ovozlar soni har bir shtatda qo’lga kiritilgan g’alabaga bog’liq.

Agar prezidentlikka demokrat nomzod kim bo’lishi avgust oyida o’tadigan partiyaviy anjumangacha aniqlanmasa yoki poyga durang natija bilan tugasa, qarorni super-delegatlar qiladi.

Merilend shtatidan senator Ben Kardin (Ben Cardin) kabi super-delegatlarning aksariyati haligacha kimga ovoz berishini bildirgani yo’q. Prezidentlikka nomzodlar ularni o’z tomoniga og’dirish harakatida.

AQSh Demokratik partiyasi superdelegat tushunchasiga 1980- yillarda, prezident Jimmi Karter poygani respublikachi nomzod Ronald Reganga boy bergan davrda asos solgan edi. Maqsad partiya yetakchilari, faollar va siyosiy arboblarni saylov jarayoniga jalb qilish bo’lgan.

Barak Obama va Xillari Klinton orasida deyarli teng bellashuv ketayotgan bir paytda, deydi siyosatshunos Stuart Rozenberg, superdelegatlarning vazifasi kuchli nomzodni tanlab, unga ovoz berishdir. Bir qarorga kelish uchun yana besh oycha vaqt bor.

Nomzodlarni saralash bo’yicha so’nggi 10 tanlovda Barak Obama birinchilikni qo’lga kiritgan. Qaysi nomzod eng ko’p tarafdor to’plasa 4 noyabrda prezidentlik uchun bellashadi. Respublikachilardan ko’p yillik senator Jon Makkeyn (John McCain)nomzod bo’lishi deyarli aniq.

Bu orada iste’molchilar huquqi himoyachisi Ralf Neyder (Ralph Nader) prezidentlik poygasida mustaqil nomzod sifatida ishtirok etishini e’lon qildi.

U 2000 va 2004 yillarda ham prezidentlikka nomzodini qo’ygan edi.

"AQShdagi ikki yirik partiya – Respublikachilar va Demokratlar", – deydi Neyder, "xalq ishonchini qozona olmayapti. Ular hukmronligi ko’p-partiyaviylikni targ’ib qilmaydi".

Ralf Neyder kabi mustaqil yoki uchinchi partiyalardan nomzodlar avval ham prezidentlikka intilgan bo’lsa-da, Oq Uyni hech qachon qo’lga kirita olmagan. Ammo siyosatdonlar nazarida ular ishtiroki saylov natijalariga ta’sir o’tkazmay qolmaydi.

XS
SM
MD
LG