Breaking News

Tubsiz galaktikalarda hayot bormi?


Tinib-tinchimas fazoshunoslar hozirgacha 250 dan ortiq yangi sayyorani kashf qilgan.

Tubsiz galaktikalarda hayot bormi degan savol olimlarni hali ham tinch qo’ymayapti.

Yulduzlar sistemasida yangi dunyolarni izlayotgan olimlarni planeta izchilari deb ham atashadi.

Shulardan biri Shimoliy Irlandiyaning Belfast Universiteti tadqiqotchisi Don Polachcho. U boshchilik qilayotgan olimlar somon yo’llarini kezib, hozirgacha 9 ta yangi planeta topgan. Izlanishda ular yaratgan keng qamrovli tizim, Super-WASP nomli sayyoralarni qidiruvchi sistema ishga solinadi.

Yaqinda yer sayyorasi joylashgan galaktikadan tashqarida, o’z quyoshi atrofida aylanadigan yirik planeta topildi.

Olimlar ixtiyorida ikkita teleskop. Biri Kanar orollarida, ikkinchisi Janubiy Afrikada o’rnatilgan. Har kuni tunda, 30 soniyada bir marta osmondagi manzarani rasmga oladi. 10 daqiqa mobaynida har bir teleskop 3,5 million yulduzning joylashuvi haqida ma’lumot to’playdi. Yangi planetalarni kashf qilishning bir yo’li “tranzit usuli”, deydi olim Don Polachcho.

“Tranzit deganda planetalarning bir joydan ikkinchi joyga ko’chayotganda yulduzlar ustidan o’tishini nazarda tutamiz. Ular juda uzoqda bo’lgani uchun harakatni payqash qiyin, lekin bu jarayonni yulduzlarning nuriga qarab kuzatish mumkin. Chunki planeta ko’chganda yulduz sal so’nadi, o’tib bo’lgach esa yana porlay boshlaydi”.

Hozirgacha topilgan planetalarning hammasi yirik, Yupiterga o’xshash gazsimon planetalar, deydi Don Polachcho.

“Quyosh yerdan ko’ra 100 barobar kattaroq planeta. Hozircha aynan quyoshdek yirik planetalarni topa olamiz xolos. Kelajakda balki yerdek kichik sayyoralarni ham aniqlarmiz”.

Yer kabi sayyoralarni topishga tamomila qiziqqan yana bir guruh olimlar ularning birida suv topilganini aytmoqda. HD planetasi bizdan 63 yorug’lik yili uzoqlikda.

Jiovanna Tinetti Londonda astronomiyadan dars beradi. Suvli planetani topgan olimlar guruhiga boshchilik qiladi. HD sayyorasi o’z quyoshiga o’ta yaqin joylashgani sabab unda hayot alomatlari ko’rinmaydi, lekin umidsizlanishga hali erta, deydi Tinetti.

“Hozir astrofizika sohasida buyuk kashfiyotlar davri. Har kuni, har hafta yangi bir ob’yekt topilyapti. Ikkinchi bir Yerni topishga yaqin qoldi. Aminmanki, kelasi 5 yil ichida bunga erishamiz”

AQSh fazoviy tadqiqotlar agentligi olimlari suv bor joyda hayot ham bor deydi. Britaniyalik fizik Jonatan Tenisonning aytishicha esa javoblarning bir qismini yangi planetalar atmosferasida topsa bo’ladi.

“Atmosferaning kimyoviy tuzilishida muvozanat bo’lmagani ma’qul. Chunki shunda bilamiz-ki sayyoraning ustki qatlamida qandaydir jarayonlar ro’y beryapti. Jumboqlarga boy bo’ladi bunday sayyoralar”.

Galaktikalarni tadqiq etish har bir olimning orzusi, lekin Yerga o’xshash sayyora topilsa, insoniyat kelajagi uchun bu qanday ahamiyat kasb etadi?

Tinetti nazarida bu izlanishlar kurrai zaminiz haqida ko’proq bilib olishga, uni yaxshiroq tushunishga imkon beradi.

Jonatan Tenison bu fikrni quvvatlaydi:

“Koinotda bizga o’xshagan odamlar yoki jonivorlar bor-yo’qligi barchani qiziqtirishi aniq. Cheksiz va tubsiz galaktikada biz yagonami degan savol tinch qo’ymaydi”.

Fazo tadqiqotlari davom etar ekan, uning tuzilishi, tarkibi va fizik tabiatini o’rganish ulkan vazifa, deydi Don Polachcho.

“Astronomiyada oltin bir davr yoqasida turibmiz. Izlanishlar mevasini, haqiqiy kashfiyotlarni bo’lajak olimlar o’z zimmasiga oladi”.

Borliq siru-asrorlarga to’la eka, deydi olimlar, ularni fosh etishga talab hech qachon yo’qolmaydi.

XS
SM
MD
LG