Breaking News

Kasparov: Saylov Rossiya uchun sharmandalik


Rossiyada 2 mart kuni o’tgan prezident saylovlari muxolifat nazarida siyosiy drama bo’ldi.

"Sahnalashtirilgan siyosiy asar", - deydi muxolifatchi, shaxmat bo’yicha sobiq jahon chempion Garri Kasparov.

3 mart kuni esa Moskvada saylov natijasini qoralab namoyishga chiqqan fuqarolardan bir nechasi militsiya tomonidan hibsga olingan.

Rossiyada prezidentlikka saylangan Dmitriy Medvedev Vladimir Putin boshlagan siyosatni davom ettirishini aytgan.

Markaziy Saylov kommissiyasi rahbari Vladimir Churovning aytishicha Medvedevga saylovchilarning 70 foizi, ya’ni 109 million fuqaro ovoz bergan.

“Golos” – Rossiya saylovchilar huquqini himoya qiluvchi guruh rahbari Liliya Shibanovaning aytishicha esa Medvedevga ovoz berishga majburlanganidan shikoyat qilayotganlar ko’p.

Rossiyadagi saylovlarni kuzatgan Yevropa Kengashi Parlament Assambleyasiga ko’ra, saylov kampaniyasi davrida nomzodlarga ommaviy axborot vositalarida teng imkoniyat berilmagan.

“Saylov natijasi saylovchilar xohishini aks ettirdi, biroq ularning axborot olish va masalalarni tushunish imkoniyati cheklangan edi”, - deydi kengash vakili Andreas Gros.

AQSh Davlat departamenti so’zlovchisi Tom Keysining qayd etishicha, Bush ma’muriyati Rossiyaning yangi rahbari bilan ishlashga va muloqotga tayyor.

“Medvedev”, -deydi AQSh rasmiysi, “qonun ustuvorligi va fuqarolar erkinligini ta’minlashga va’da bergan. Gaplardan endi harakatga o’tish vaqti keldi”, - deydi u.

Shaxmat bo’yicha sobiq jahon chempioni, hozirda Drugaya Rossiya muxolifat guruhi rahbari Garri Kasparov saylovlarni Rossiya uchun sharmanadalik deya atagan.

“Rossiya prezidenti Kreml tomonidan emas, xalq tomonidan saylanishi lozim”, - deydi Kasparov.

XS
SM
MD
LG