Breaking News

Armanistonda favqulodda holat hukmron


Armanistonda saylov ketidan avj olgan notinchliklar va hukumatga qarshi namoyishlarda qon to’kilgani xalqaro maydonda chuqur xavotirga sabab bo’lmoqda.

G’arb Armanistondagi siyosiy ahvoldan tashvishda. AQSh va Yevropa Yerevanga o’z vakillarini jo’natgan.

Muxolifat 19 fevralda o’tgan prezidentlik saylovi natijasidan norozi. Unda Bosh vazir Serj Sarkisyan g’alaba qilgan edi, biroq muxolifat ko’plab qonunlar buzilgani va ovozlar soxtalashtirilganini da’vo qilmoqda.

Hozir Armanistonda 20 kunlik favqulodda holat hukmron.

Xavfsizlik kuchlari va namoyishchilar orasidagi to’qnashuvlarda o’tgan hafta 8 kishi halok bo’lgan, 130 kishi jarohatlangan. Mahalliy manbalar undanda ko’p odam o’lganini taxmin qilmoqda.

Politsiya namoyishchilarni tarqatish uchun ko’zni yoshlashtiruvchi gaz qo’llagan. Bush ma’mutiyati nazarida Armanistonda tartibni tiklash uchun har ikki tomon javobgar.

Muxolifat a’zolari 19 fevraldan beri Yerevan markazida palatkalarda tunayotgan edi. Ular fikricha saylov amaldagi Bosh vazir Serj Sarkisyan foydasiga hal qilingan. Sarkisyan 53 foiz ovoz olgan edi.

Ikkinchi o’rinni egallagan nomzod, sobiq prezident Levon Ter-Petrosyan 21 foiz ovoz to’plagan.

Ter-Petrosyan hukumatni qirg’inda va namoyishchilar safiga fitnachi-provokatorlarni jo’natganlikda ayblamoqda.

Favqulodda holat e’lon qilingach, Ter-Petrosyan tarafdorlarini tarqalishga chaqirgan, biroq yangi saylov o’tkazilishi shart deydi.

AQSh Davlat departamenti vakili Tom Keysining bildirishicha Armaniston hukumati va muxolifati Amerika va Yevropa vositachilari bilan muloqotga tayyor.

"AQShning Yerevanga borgan diplomati Metyu Brayzaning vazifasi",- deydi Keysi, "faqat takliflar bilan chiqish emas, balki tomonlarga til topishishda yordamlashish".

AQSh Armanistonda favqulodda holat joriy etilganidan afsus bildirib, hukumatni uni tezda bekor qilishga undagan.

Hukumatga qarashli ommaviy axborot vositalari namoyishlarni yoritmagan.

Favqulodda holat haqidagi farmonga ko’ra faqatgina hukumat bergan ma’lumotni efirga uzatish mumkin xolos. Internetdagi axborot veb sahifalari ham yopiq.

Levon Ter-Petrosyan, Sovet Ittifoqi qulagach, Armanistonning birinchi prezidenti etib saylangan edi. U 1998 yilda hukumatga nisbatan norozilik namoyishlari avj olgach ishdan ketdan.

Sobiq prezidentning tarafdorlari amaldagi hukumatni korrupsiyada ayblaydi. Robert Kocharyan prezidentligi davrida, deydi ular, oshna-og’aynigarchilik va tanish-bilishchilik uchiga chiqdi.

Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti elchisi Xeyki Talviti prezident Kocharyan va Bosh vazir Sarkisyan bilan muloqot qilgan. Uning fikricha hozircha tomonlar muzokara boshlashga tayyor emas.

XS
SM
MD
LG