Bugun Moskvada AQSh va Rossiya o’rtasida ikki kunlik muloqot boshlandi. Maqsad AQShning Markaziy Yevropada raketaga qarshi mudofaa tizimiga nisbatan Rossiyaning qarshiligini yumshatishga erishish.
Moskvaga borishdan oldin AQSh Mudofaa vaziri Robert Geytsning aytishicha, Qo’shma Shtatlar o’z rejasiga Rossiyaning roziligini olish uchun qator takliflar kiritgan va muloqot davomida ushbu takliflarga Kremlning munosabati va javobi kutilmoqda.
”Ikki plyus ikki” formati bo’yicha o’tayotgan muloqotda AQSh va Rossiya tomonidan mudofaa va tashqi ishlar vazirlari ishtirok etmoqda.
Robert Geyts va Kondoliza Rays Moskvada Rossiya prezidenti Vladimir Putin va ushbu lavozimga yaqinda saylanib, 7 may kuni prezidentlik vakolatlarini qabul qilib olayotgan Dmitriy Medvedev bilan ham uchrashishi rejalangan.
Umuman olganda rasmiy Moskva AQShning Polsha va Chexiyada mudofaa tizimini o’rnatishiga qarshi. Oq uy nazarida ushbu tizim Yevropani Eronning ehtimoliy hujumidan himoya qiladi. Kreml fikricha esa tizim unga qarshi qaratilgan bo’lib, qurollanish poygasiga olib keladi.
Rossiyalik tahlilchi Aleksandr Xramchexin ta’biricha, agar mudofaa tizimi Rossiyaga qarshi qaratilganda edi, u Rossiyadan g’arbda emas, balki shimolda o’rnatilgan bo’lar edi, chunki aynan shu yo’nalish bo’yicha AQSh-Rossiya masofasi ancha qisqa.
Shu bilan birga Xramchexin AQSh rejasidan ham taajubda. Uning aytishicha, Eron raketalarini urib tushirish uchun Polsha noqulay hudud. Bundan tashqari Eron AQShga hujum qilishga qodir ballistik raketalarga hech qachon ega bo’lmaydi.
O’tgan oy Eron fazoga raketa uchirganini ma’lum qilib AQShni xavotirga solgan edi.
Rossiya o’z navbatida AQShga Ozarbayjondagi radardan foydalanishni taklif etmoqda, biroq amerikaliklar ushbu taklifga munosabat bildirishga shoshilmayapti.