Breaking News

Iroqdagi urushga besh yil to'ldi


Iroqdagi urushning boshlanganiga mana besh yil bo’libdiki, aksariyat amerikaliklar Iroqni bosib olish xato bo’lgan deb AQSh qo’shinlarini vatanga qaytarish tarafdori. Bunday bayonotlarni ayniqsa prezident saylovlari kampaniyasi davomida ko’p eshitish mumkin.

Demokratlar partiyasidan prezidentlikka da’vogar har ikkala siyosatchi Barak Obama va Xillari Klinton saylovlarda g’alaba qozonsa, qo’shinlarni Iroqdan chiqarishga va’da bermoqda.

Respublikachilar nomzodi Jon Makkeyn prezident Bushning amaldagi strategiyasini qo’llab-quvvatlab askarlarni Iroqda qoldirmoqchi.

"Iroqdagi urush AQSh xavfsizlik manfaatlari uchun muhimdir," deydi u.

Bu bilan senator Makkeyn o’zini nafaqat demokratlar partiyasidagi raqiblariga, balki AQShdagi keng jamoatchilik fikriga ham qarshi qo’ymoqda.

"Zaruratsiz bu urush katta fojiaga olib keldi," deydi bir ayol.

"Urushni umuman boshlamaslik kerak edi. Bu xato sabablar tufayli olib borilayotgan xato urushdir," deydi boshqasi.

Vashingtondagi Pyu tadqiqotlar markazi prezidenti Endryu Koxutning aytishicha, Amerika jamiyatining katta qismi Demokratik partiya tomon og’moqda. Bu Bush siyosatidan bezish oqibati, deydi u.

Endryu Koxut nazarida amerikaliklarning 38 foizi hali ham Iroqning bosib olinishini qo’llab-quvvatlaydi.

"Urushning ahamiyati katta, aks holda Afg’onistondagi terrorchilik harakatlari Iroqda ham davom etgan bo’lardi," deydi urush tarafdorlaridan biri.

Senator Makkeyn ham shu fikrda.

"Saddam Hussayn rejimini yo’qotish to’g’ri qaror bo’lgan."

Klinton va Obama nazarida esa urush xarajatlarining kattaligi tufayli mamlakat ichida sog’liqni saqlash, ta’lim va boshqa ehtiyojlar uchun pul yetishmayapti.

"Agar Jon Makkeynga quloq tutsangiz, urush yana 100 yil davom etishi mumkin. Xarajatlarimiz har oy 12 milliard dollarni tashkil etyapti. Bu pullarni men va senator Klinton nazarda tutgan dasturlarga sarflash mumkin edi," deb kuyunadi Obama.

Iqtisodchilar xulosasiga ko’ra, urush AQSh iqtisodiyotiga og’ir kelmoqda.

Prinston universiteti mutaxassisi Alan Kryugerga ko’ra, urush byudjet kamomadini oshirdi. Urush kamomad hisobiga moliyalanyapti. Natijada pulni qarzga olish yanada qiyinlashib, foiz stavkalari o’smoqda.

Urush siyosiy musobaqani ham kuchaytirmoqda. Klinton va Obama urush qimmatga tushayotganini eslatib, askarlarni vatanga qaytarmoqchi ekanini ta’kidlamoqda.

XS
SM
MD
LG