Breaking News

Amerikaliklar urushdan bezor, Bush esa hamon qat'iy


Bush ma’muriyati bundan 5 yil oldin Iroqda diktaturani tugatish va ehtimoliy ommaviy qirg’in qurollarini yo’q qilish maqsadida bu mamlakatga qarshi urush e’lon qilgan edi. 2003 yilning 20 martida Amerika qo’shinlari Iroqni istilo qildi. Biroq ommaviy qirg’in qurollari topilmadi. Urushdan charchagan Amerika xalqi asta-sekin Bushdan ham beziy boshladi. Urush qanday boshlandiyu, oqibatlari nima bo’ldi?

Tahlilchi Entoni Kordsmen fikricha, Iroqqa bostirib kirish rejasiga ega bo’lgan Bush ma’muriyatida istilodan so’ng nima qilish kerakligi haqida reja bo’lmagan.

"Biz Saddam Husayn rejimini ag’darishga tayyor bo’lib Iroqqa kirgan edik. Lekin hech kim negadir urushdan so’ng barqarorlikni ta’minlash, mamlakatni qaytadan qurish haqida o’ylamagan edi. Urush oqibatlariga tayyor emas edik. Barqarorlik uchun zarur shart-sharoit yarata olmadik," deydi Kordsmen.

Erkin saylovlar o’tkazilishi va turli siyosiy guruhlarni o’z ichiga olgan hukumat shakllanishiga qaramay beqarorlik kuchayaverdi.

Bombali mashinalarni ishga solish va boshqa xurujlar oqibatida ko’plab tinch fuqarolar halok bo’lib, sunniylar va shialar o’rtasida mazhablararo zo’ravonlik avj oldi. Mamlakat fuqarolik urushi yoqasiga keldi.

2007 yil boshida prezident Bush Iroqqa qo’shimcha 30 ming askar yuborishga qaror qildi.

Shundan so’ng poytaxt Bag’dod va boshqa hududlarida vaziyat bir oz yaxshilandi. Bugunga kelib tinch aholi orasida qurbonlar soni o’tgan yildagiga qaraganda 70 foizga kamaydi.

Buning sabablaridan biri sobiq sunniy jangarilarning qurollarini al-Qoidaga qarshi qaratib, AQSh kuchlariga osoyishtalikni ta’minlashda yordam bera boshlagani bo’ldi.

Tahlilchi Entoni Kordsmen fikricha, al-Qoida xurujlaridan asosan tinch aholining qurbon bo’lgani qabilaviy guruhlar va sunniy arablarni terrorchi tashkilot jangarilariga qarshi kurashishga majbur qildi.

Biroq shunga qaramay mamlakatda suiqasd xurujlari davom etmoqda. Ulardan esa asosan tinch aholi jabr ko’rmoqda. Mutaxassislar fikricha, Iroq xavfsizlik kuchlari va armiyasining tayyorgarligi yaxshilangach, vaziyat ham ancha barqarorlashadi.

Davomiyligi bo’yicha Iroq urushi AQSh tarixida Vyetnam urushidan so’ng ikkinchi o’rinda turadi. Besh yil ichida Iroqda to’rt mingga yaqin amerikalik askar jon berdi.

Aksariyat amerikaliklar urushning xato bo’lganini anglaganiga qaramay, prezident Bush hamon o’z fikridan qaytgani yo’q.

"Saddam Husaynni ag’darish qarori oldin ham to’g’ri bo’lgan, uni hozir ham to’g’ri qaror deb hisoblayman, bundan keyin ham to’g’ri qaror bo’lib qoladi," deydi Bush.

Ijtimoiy so’rovlar shuni ko’rasatadiki, AQShning jahondagi obro’si har qachongidan ham past. Va Iroq urushi bunga asosiy sabab.

Jahonning turli burchaklarida, jumladan AQSh ittifoqchilari hisoblangan davlatlarda ham Amerikaga qarshi namoyishlar odatiy hol bo’lib qolgan.

Arab Ligasi tashkilotining Bosh kotibi Amir Musaning aytishicha, ko’p yillardan buyon Amerikaga nisbatan do’stona bo’lgan mamlakatlarda AQShning mintaqadagi siyosati sabab Amerikaga hurmat hissi yo’qolib bormoqda.

Iroqqa qo’shinlarini yuborgan mamlakatlarda ham aholi urushdan bezigan.

Pyu tadqiqotlar markazi rahbari Endryu Koxut nazarida, Iroqdagi urush jahon bo’ylab anti-amerikanizmning avj olishidagi asosiy sabablardan biridir.

Amerika obro’sini tiklash Jorj Bushdan 2009 yil yanvarida prezidentlikni qabul qilib oladigan siyosatchi zimmasiga tushadi.

XS
SM
MD
LG