Breaking News

Donor-davlatlar Afg'onistonga berilgan va'da ustidan chiqmayapti


Xalqaro tashkilotlarga ko’ra, Afg’oniston uchun va’da qilingan yordam pulining 10 milliard dollari hali-beri ajratilgani yo’q. Bu esa mamlakatda tinchlikni o’rnatish harakatlariga pand berishi mumkin.

Britaniyada asoslangan Oksfam kompaniyasi hisobotiga ko’ra, jami 25 milliard dollarlik yordam Afg’onistonga 2001 yilda va’da qilingan. Hozircha 15 milliard dollar berildi xolos.

Hisobot Afg’onistonda tiklanish ishlari bilan shug’ullanayotgan 94 ta agentlikni o’z ichiga olgan muvofiqlashtiruvchi boshqarma buyurtmasiga ko’ra tayyorlangan.

Hisobot muallifi Matt Valdmanning Amerika Ovoziga aytishicha, donor davlatlar Afg’onistonda xavfsizlik muammolari sabab pul bermayotgan bo’lishi mumkin.

"Bundan tashqari," deydi Valdman, "hukumatning o’z vazifalarini maromida bajara olmayotgani yana bir sabab. Korrupsiya kuchli ildiz otgan."

Oksfam hisobotida pulning qanday sarflanayotgani ham tanqid ostiga olinadi. Yordamning 40 foizi donor davlatlar hamyoniga ushbu mamlakatlardan kelgan mutaxassislar uchun maosh va boshqa turdagi to’lovlar ko’rinishida qaytadi.

Hisobot muallifi Valdmanga ko’ra, loyihalar mahalliy mutaxassislar bilan maslahatsiz amalga oshiriladi.

"Ba’zida donorlar nima qilayotganini tushunib bo’lmaydi. Qanday loyihalari bor, xarajatlari qanday, Afg’onistonning ichki resurslarini rivojlantirish uchun qancha pul ketdi? Oshkoralik yetishmaydi," deydi Valdman.

Qo’shma Shtatlar Afg’oniston uchun mo’ljallangan yordamning uchdan birini beradigan yirik donor davlat. Boshqa donorlar qatoriga Yaponiya, Britaniya, Yevropa Ittifoqi, Jahon Banki, Germaniya va Kanadani qo’shish mumkin.

O’rtacha hisobga ko’ra Qo’shma Shtatlar Afg’onistonda kuniga 100 million dollar sarflasa, qolgan donorlarning umumiy yordami kuniga yetti million dollardan oshmaydi.

XS
SM
MD
LG