Breaking News

AQShning Iroqdagi rasmiylari Kongressda hisobot berdi


Bugun Iroqdagi AQSh kuchlari qo’mondoni general Deyvid Petreyus va AQSh elchisi Rayan Kroker Kongressda Iroq xavfsizligi va mamlakatdagi siyosiy vaziyat bo’yicha hisobot berdi.

General Petreyus va elchi Kroker Iroq xavfsizlik kuchlari va hukumatining muvaffaqiyatlariga urg’u berdi. Biroq erishilgan yutuqlarni saqlab qolish va rivojlantirish uchun ko’proq vaqt kerakligi ham ta’kidlandi. So’nggi marta ular Kongressda o’tgan yil sentyabrida hisobot bergan edi.

"Iroqda vaqt o’tishi bilan maqsadlarimizga erishish mumkin, biroq bu oson va tez bo’lmaydi," degan edi general Petreyus.

Ayni damda Iroqda 140 ming AQSh askari xizmat qilmoqda. Mutaxassislarga ko’ra, Petreyus iyul oyidan so’ng qo’shinlarni chiqarishni ma’lum vaqtga to’xtatishni tavsiya qildi.

Shundan so’ng mamlakatdagi vaziyat o’rganiladi va lozim topilsa, qo’shimcha harbiylar vataniga qaytarilishi mumkin.

Tahlilchi Mishel Flornoy yaqinda Iroqdan qaytdi. Uning aytishicha, Iroqdagi vaziyat barqaror bo’lgan taqdirda ham qo’shinlar katta sonda chiqarilmasligi mumkin.

Bugungi tinglovda birinchi bo’lib general Petreyus ma’ruza qildi. Unda AQSh prezidentligiga da’vogar siyosatchilar ham ishtirok etdi. Petreyusning aytishicha, Iroq kuchlari tayyorgarligi va mamlakat xavfsizligi o’tgan yilga qaraganda ancha yaxshilangan. Oddiy fuqarolar orasida qurbonlar soni kamaygan. Suriya chegarasidan Iroqqa xorijiy jangarilarning o’tishi ham susaygan.

"Shunga qaramay," deydi general, "al-Qoida hamon faol. Eron ham Iroq ichidagi maxsus guruhlarni qo’llab-quvvatlamoqda. Mamlakatda mazhablararo nifoqlarga chek qo’yilmagan."

Prezident Bush ushbu ikki rasmiy bilan Iroq bo’yicha suhbatlashgandan so’ng payshanba kuni bayonot qiladi.

XS
SM
MD
LG