Breaking News

Bush Xitoydagi Olimpiya o'yinlariga boradi


Oq Uy rasmiylarining aytishicha, prezident Bush shu yil yozda Pekinda o’tadigan Olimpiya o’yinlarini borib ko’rish qarorida qat’iy.

Tashrif chog’ida AQSh rahbari Xitoydagi huquqiy ahvol yuzasidan o’z xavotirlarini bayon qiladi. Olimpiya musobaqalarini boykot qilish bilan biror ijobiy natijaga erishish qiyin deydi Oq Uy xavfsizlik maslahatchisi.

AQSh Kongressidagi ayrim qonunchilar Bushdan Olimpiya o’yinlariga bormaslikni talab qilmoqda.

Prezident fikridan qaytmoqchi emas.

Milliy Xavfsizlik bo’yicha maslahatchi Stiven Xedlining so’zlariga qaraganda, Qo’shma Shtatlar Xitoyga ta’sirini o’tkazish qudratiga ega, Bush ma’muriyati diplomatik choralar samara berishiga ishonadi.

Prezident AQSh Olimpiya jamoasini qo’llab-quvvatlash uchun Pekinga safar qiladi. Va u yerda Xitoy rasmiylari bilan yuzma-yuz muloqotda inson huquqlari masalasini muhokama qiladi deydi Xedli.

Prezident Bush Pekinga safar qilsa, u xorijdagi Olimpiya musobaqalarida ishtirok etgan ilk AQSh rahbari sifatida tarixga kiradi.

Qator davlatlar, xususan, Germaniya kansleri Angela Merkel, Fransiya prezidenti Nikolya Sarkozi musobaqaning ochilish marosimida qatnashmaslikka qaror qilgan.

Xalqaro Olimpiya Qo’mitasi qoidalariga ko’ra, musobaqada qatnashayotgan sportchilarning siyosiy bayonot bilan chiqishi qat’iyan taqiqlanadi.

Ayrim sport ustalari Olimpiya o’yinlarini boykot qilishga qarshi, biroq Olimpiya musobaqalarini o’tkazish sharafiga muyassar bo’lgan har qanday davlat, jumladan Xitoy ham, insoniy qadriyatlarni hurmat qilishi zarur deydi sportchilar.

XS
SM
MD
LG