Kecha Dmitriy Medvedev Rossiyaning yangi prezidenti sifatida qasamyod keltirdi. Medvedev boshchiligidagi Rossiya qanday bo’ladi? Putindan unga qanday muammolar qoldi? U o’zini mustaqil rahbar sifatida namoyon eta oladimi?
“Nyu-York Tayms” gazetasiga ko’ra, Medvedev Putindan meros bo’lib qolayotgan bir nechta muammoni hal qilishi kerak bo’ladi. Bular inflyatsiya, chuqur ildiz otgan korrupsiya, zaif adliya tizimi va Rossiya aholisi sonining kamayayotgani. Muammolarni yechish uchun Medvedev mustaqil siyosat yuritish vakolatiga ega bo’lishi kerak. Aksariyat tahlilchilar nazarida haqiqiy hokimiyat bosh vazir etib tayinlangan sobiq prezident Vladimir Putin qo’lida qoladi.
Vashingtondagi Tashqi aloqalar kengashi xodimi Stiven Sestanovichning “Nyu-York Tayms”ga aytishicha, Medvedevning qanday vakolatga ega bo’lishini hozirdan aytish qiyin.
Medvedevning o’zi mart oyidagi saylovlarda g’alaba qozongach barcha kuch-g’ayratini qonun ustuvorligini ta’minlashga, fuqarolik jamiyatini rivojlantirishga, xususiy mulk va erkin matbuot uchun sharoit yaratishga sarflashini aytgan.
"Korrupsiyaga qarshi kurashish uchun adliya tizimi aholi xizmatiga shay bo’lishi kerak. Fuqarolik jamiyati va hukumat o’rtasidagi ko’prik vazifasini bajaruvchi ommaviy axborot vositalarining haqiqiy mustaqilligini himoya qilishimiz kerak," dedi Medvedev qasamyod keltirish marosimida.
“Vashington Tayms” gazetasining ma’lum qilishicha, Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Komissiyasi, ya’ni qisqachasiga Xelsinki Komissiyasi raisi, AQSh senatori Benjamin Kardin Rossiya parlamentida yaqinda qabul qilingan qonun matbuot erkinligini cheklashga qaratilgan deb, yangi prezident Dmitriy Medvedevdan uni bekor qilishni so’ragan.
Moskvadagi AQSh-Kanada institutining direktor muovini Viktor Kremenyukning aytishicha, Medvedevning qasamyod marosimidagi nutqi Vladimir Putinnikidan keskin farq qildi.
"Medvedev erkinlik tushunchasiga katta e’tibor qaratdi. Agar uning so’zlari samimiy bo’lsa, u mamlakatdagi vaziyatni o’zgartirishga harakat qiladi," deydi mutaxassis.
Moskvalik yana bir tahlilchi Aleksandr Konovalov fikricha, Medvedev paradoks vaziyatga tushib qolgan.
"Medvedev so’nggi parlament va prezident saylovlari natijalari qanchalik shubhali bo’lganini bilmay iloji yo’q. U siyosiy islohotlarni va’da qilyapti, biroq Medvedev uning o’zini hokimiyat tepasiga keltirgan tuzumga qarshi chiqmaydi. Bu siyosiy suiqasd bo’lardi," deydi Konovalov.
Demografiya muammolarini o’rganuvchi olim Myurrey Feshbakning “Nyu-York Tayms” gazetasiga aytishicha, Medvedev oldidagi yana bir muammo Rossiya aholisi soni kamayishining oldini olish.
Sog’liqni saqlash tizimining qoloqligi, sil va gepatit-C kabi kasalliklarning keng tarqalayotgani va qator boshqa ijtimoiy muammolar natijasida 2012 yildan boshlab Rossiyada 20-29 yosh atrofidagi ayollar soni kamaya boshlaydi, binobarin Rossiyada tug’ilayotgan bolalarning aksariyati shu yosh guruhidagi ayollarga to’g’ri keladi.