Breaking News

Rossiya va Gruziya bosiqroq bo'lishga chaqirilmoqda


AQSh rasmiylari Rossiya-Gruziya mojarosi urushga aylanishi mumkin degan xavotirda. Davlat kotibi muovini Daniel Frid har ikki davlatni bosiqroq bo’lishga chaqirmoqda.

AQSh rasmiysi fikricha, Rossiya va Gruziya urushga umuman qarshi, biroq vaziyat juda qaltis.

O’zaro norozilik kayfiyati, harbiylar sonining oshishi va tinimsiz provokatsion harakatlar oxir oqibat qurolli to’qnashuv va o’limga yetaklashi mumkin. Mana shunday tashvishdamiz deydi Daniel Frid.

Muammo esa Gruziyaning ikki bo’lginchi hududi – Abxaziya va Janubiy Osetiyada. Ikki o’lka 1990 yillarda mustaqillik e’lon qilgach, urush boshlangan va Rossiya hududga tinchlikparvar qo’shin kiritgan.

Gruziya Rossiyani bo’lginchilarni qo’llab-quvvatlayotganlikda ayblab, o’lka ustidan nazoratni o’z qo’liga olmoqchi.

O’tgan oy, deydi Gruziya rasmiylari, Rossiya Abxaziyada Gruziyaga qarashli razvedkachi samolyotni urib tushirgan. Kreml buni rad etmoqda.

Yaqinda Rossiya ikki bo’lginchi hudud bilan hamkorlikni kuchaytirib, Abxaziyada harbiylari sonini 2-yarim mingga oshirgan. Xalqaro bitimga ko’ra, bu son 3 mingdan oshmasligi kerak, qonun doirasidan chiqqanimiz yo’q deydi rasmiy Moskva.

Gruziya prezidenti Mixail Saakashvili vaziyatni o’ta qaltis deya ta’riflamoqda.

AQSh Davlat kotibi muovini Daniel Frid Gruziya va ayniqsa Rossiya og’irroq bo’lsin deydi.

Har ikki tomon keskin bayonotlarni tugatsin deydi u.

Ayniqsa, Rossiya. Gap juda qudratli yirik davlat va undan ancha zaif mamlakat haqida ketmoqda.

Kuchli tomon buni doim esda saqlashi zarur deydi Daniel Frid.

AQSh Vakillar Palatasi bu borada rezolyutsiya qabul qildi. Rossiya hukumatining keskin chiqishlari va provokatsion harakatlari Gruziyaning hududiy yaxlitligini xavf ostiga qo’ymoqda, deyiladi unda.

XS
SM
MD
LG