Breaking News

Qozog'iston qochqinlarni ekstraditsiya qilishda davom etmoqda


Qozog’iston 2010 yilda Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotiga raislik qilishga taraddud ko’rar ekan, tashkilotning asosiy tamoyillaridan biri – inson huquqlarini himoya qilish borasida talaygina ishlar qilishi kerak.

Huquq faollarining aytishicha, Qozog’iston bunday e’tiborli tashkilotning bo’lajak raisiga loyiq bo’lmagan tarzda va xalqaro qonunchilikka zid holda qochqinlarni mamlakatdan chiqarib yubormoqda. Ayniqsa O’zbekiston fuqarolarini.

Nadejda Otayeva Parijda asoslangan “Markaziy Osiyoda inson huquqlari” uyushmasining prezidenti. Uning xavotir bildirishicha, so’nggi paytda Qozog’iston qo’shni O’zbekiston iltimosiga ko’ra qator o’zbekistonlik qochqinlarni va qochqin maqomini kutayotganlarni ekstraditsiya qilgan.

“Gap shundaki, Yevropada ham boshqa davlat fuqarolarini ekstraditsiya qilish amaliyoti mavjud. Biroq u yerda davlatlar oddiy talabdan tashqari chiqarilishi so’ralayotgan shaxsga qanday ayb qo’yilayotgani, bu boradagi dalillarni ham taqdim etadi. Mustaqil Davlatlar Hamdo’stligi respublikalarida esa uning ism-familiyasini aytish kifoya”, - deydi Nadejda Otayeva.

Uning aytishicha ahvol ayniqsa Markaziy Osiyoda og’ir. Chunki Rossiyada inson huquqlari faollari muammolarga Yevropa sudi yordamida yechim topishga harakat qiladi.

Qozog’iston esa inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilish haqidagi Yevropa Konvensiyasiga a’zo emas. Yon davlat bosimi va ikki mamlakat xavfsizlik kuchlari o’rtasidagi hamkorlik tufayli so’nggi uch yil ichida 56 nafar o’zbekistonlik majburan vataniga jo’natib yuborilgan.

Qirg’izistonda ahvol bundanda yomon, deydi huquq himoyachisi Nadejda Otayeva. Ayniqsa mamlakat janubida O’zbekiston xavfsizlik kuchlari xodimlari fuqarolarini bemalol ovlab yuradi.

O’zbekiston ekstraditsiya qilishni talab qilayotgan shaxslarning aksariyati diniy ekstremizm yoki Andijon voqealariga aloqadorlikda ayblanadi. Ulardan biri Rafiq Rahmonov. “Markaziy Osiyoda inson huquqlari” uyushmasi Rahmonovning O’zbekistonga chiqarilmasligini so’rab ochiq xat chop etgan.

Nadejda Otayevaning bildirishicha, xatda qochqinlarga qo’yilayotgan ayblovlar asossiz deyilgan. “Xususan Rafiq Rahmonov Andijondagi voqealar ortida turmagan, shunchaki xunrezliklarga guvoh bo’lgan bir oshpaz, xolos. O’zbekiston hukumati esa shu tariqa o’z aybini yashirishga harakat qilyapti”.

Ayni damda BMT va Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti Rafiq Rahmonov O’zbekistonga topshirilmasin deya harakat qilyapti.

Inson huquqlari uyushmasi rahbariga ko’ra, BMT qoshidagi Qochqinlar bo’yicha Oliy komissariatining Qozog’istondagi idorasi qochqinlarni himoya qilish bobida o’z ishini puxta bajarmayapti. Qozog’iston Migratsiya xizmati ham shunday. Vaholanki biror o’zbekistonlik, qochqin maqomini olmoqchi bo’lsa avval komissariatdan ishi ko’rib chiqilayotgani haqida hujjat oladi. So’ng mahalliy migratsiya xizmatidan ro’yxatdan o’tishi kerak.

Biroq ko’p hollarda, deydi Otayeva, bundan O’zbekiston xavfsizlik kuchlari darhol xabar topadi. Rafiq Rahmonov ishi bunga yaqqol misol.

“Andijon voqealaridan so’ng O’zbekistonni tark etgan Rahmonov so’nggi uch yil Qozog’istonda qonuniy tarzda yashagan va O’zbekiston xavfsizlik kuchlari bundan bexabar bo’lgan. Ammo qochqin maqomini olish uchun murojaat etib, mahalliy migratsiya xizmatidan ro’yxatdan o’tganida qo’shni O’zbekistondan uning ekstraditsiyasini talab qilgan xat kelgan”.

Otayeva fikricha oqibatda odamlarning BMT va mahalliy davlat idoralariga ishonchi yo’qoladi, noqonuniy muhojirlar soni oshadi. Ayni damda Qozog’istonda qochqin maqomini kutayotgan 160 dan ziyod o’zbekistonlik bor.

XS
SM
MD
LG