Breaking News

O'zbekistonda Markaziy Osiyo hamkorligi muhokamada


Toshkentda Markaziy Osiyo davlatlari hamkorligiga bag`ishlangan xalqaro konferensiya bo’lib o’tgan.

Germaniya jamg’armalari homiylik qilgan bu anjumanda Yevropa Ittifoqi birligi misolida Markaziy Osiyoda mintaqaviy integratsiya istiqbollari muhokama qilingan.

Germaniya O`zbekistonning G`arbdagi eng yaqin hamkori sifatida e’tirof etiladi. Islom Karimov O`zbekiston Markaziy Osiyo ittifoqiga qo`shilmaydi deya bayonot qilgach, bu mavzuda tadbir o`tishiga ruxsat berilishi aloqalar yaqinligi bilan izohlanishi mumkin.

Homiylar orasida esa Germaniyaning akademik almashuv xizmati, Xalq ta`limi uyushmasi, Fridrix Ebert, Fridrix Nauman, Gerdi Xenkel jamg`armalari va Gyote institutining nomlari qayd etilgan.

Anjumanda milliy o`zlikni anglash orqali mintaqada madaniy va iqtisodiy hamkorlikni shakllantirish yuzasidan mulohaza yuritilgan. Konferensiya asosiy mavzusi sifatida esa Markaziy Osiyo hamkorligi tanlangan.

Gerdi Xenkel jamg`armasi bilan hamkorlik qilgan sharqshunos olim Abdusattor Jumanazar nemis jamg`armalari tomonidan ko`tarilayotgan tarix va o`zlikni anglash mavzusi mintaqa ilmiy jamoatchiligi uchun muhimligini e`tirof etadi.

“Ular bu mavzuni odatdagidan boshqacharoq qo`yishayapti. Nemislar bilan fransuzlar ikki xalqning tarixini hamkorlikda yozgan. Biridan birini yuqori qo`ymagan, xolislik bilan yozishga harakat qilgan. Ular “tarix va o`zlikni anglash” masalasini hamkorlikda ko`rib chiqish, xalqlar, davlatlar uchun foydalli degan g`oyani ilgari surayapti. Bu xalqlar integratsiyasi uchun juda foydali. Bizda bu yaxshi yo’lga qo`yilmagan, aytaylik, Qozog’iston va O`zbekiston olimlari, qanday ishlar yuritayapti, bilmayman,” - deydi sharqshunos olim.

Takidlash joiz, birmuncha avval Qozog’istondagi Sharqshunoslik instituti Markaziy Osiyo umumiy tarixini kelishilgan holda yozish tashabbusi bilan chiqqan, mintaqa olimlarini hamkoqlikka chaqirgan edi. Biroq bu tashabbus O`zbekiston tomonidan e`tiborsiz qoldirilgan.

Yevropa Ittifoqining O`zbekiston bilan muloqoti Germaniya vositachiligida tiklandi, bu turli bahs-munozaralarga sabab bo`lmoqda.

Sharhlovchi Muqimjon Qirg’izboyevning aytishicha, Germaniya inson huquqlari va demokratiya masalasi bir mamlakatni izolyatsiya qilish bilan yechilmasligini biladi.

“Qanchalik mamlakatda tadbirkorlar, fermerlar sinfi shakllansa, fuqarolik jamiyati shunchalik shakllanib boradi, inson huquqlariga amal qilish kengayadi. Germaniya masalaning shu tomonlarini e’tiborga olib siyosat yuritmoqda,” - deydi sharhlovchi Muqimjon Qirg’izboyev.

Huquq himoyachisi Baxtiyor Hamroyev Germaniya, umuman, G`arb davlatlari inson huquqlariga e`tibor qaratmayapti deydi.

“Yevropaning asosiy maqsadi energetika resurslari - Rossiyani chetlab ikkinchi yo’nalishga ega bo`lish. O`zbekistondagi inson huquqlari masalasi ikkinchi o`ringa tushib qolmoqda,” - deydi huquq himoyachisi.

Yevropa Ittifoqining mintaqadagi strategiyasi xalqaro konferensiya mavzusiga mos, Markaziy Osiyo davlatlari hamkorligini nazarda tutadi.

Biroq O`zbekiston prezidenti Islom Karimov yaqinda Qozog’istonga qilgan tashrifida mintaqa integratsiyasi haqidagi umidlarni yo`qqa chiqardi.

“Har bir tomon bu tashabbusga o`z ehtiyojidan chiqqan holda, davlatining manfaatlariga qanchalik to’g’ri kelishi yuzasidan yondsahadi. Bu biz uchun, O`zbekiston uchun qabul qilinadigan tashabbus emas,” - degan edi Islom Karimov.

Siyosatshunoslar so’zlariga qaraganda, O`zbekiston prezidentining mazkur bayonoti rasmiy Toshkent pozitsiyasi bilan ifodalangan va O`zbekiston xalqi manfaatlarini aks ettirmaydi.

XS
SM
MD
LG