Breaking News

Bush Isroil-Falastin tinchlik jarayonidan mamnun


Bush ma’muriyatiga ko’ra, Isroil va Falastin muzokarachilari Falastin davlatini barpo etish bo’yicha sezilarli muvaffaqiyatlarga erishmoqda. AQSh rahbari jarayonni tezlatish uchun zarur bo’lsa mintaqaga yana borishga tayyor ekanini aytgan.

AQSh davlat xavfsizlik maslahatchisi Stiven Xedlining aytishicha, Bush Isroil-Falastin muzokaralaridan ko’ngli to’lgan.

"Bir necha bosqichli muzokaralar qizg’in o’tmoqda. Murakkab masalalar bo’yicha murosaga kelinmoqda," deydi u.

Xedli aynan qaysi masalalar bo’yicha oldinga siljish borligi haqida gapirmadi. Uning aytishicha, yakuniy bitim imzolanmaguncha tafsilotlar ma’lum qilinmaydi.

Yaqin Sharq bo’yicha safarini Misrda yakunlar ekan Bush Falastin xalqi o’z vataniga ega bo’lishga, Isroildek demokratik davlat bilan yonma-yon yashashga haqli dedi.

Ayrim arab davlatlari Bushni Isroilga o’ta yaqinlikda ayblagan. Saudiya Arabistoni Tashqi ishlar vaziri Saud al-Faysalning aytishicha, Isroilning davlat sifatidagi huquqi bilan bir qatorda Falastinning ham tarixiy va siyosiy huquqlarini esdan chiqarmaslik kerak.

Misr matbuotiga ko’ra, Bush Isroil ko’ziga yaxshi ko’rinishdan boshqa narsa bilan shug’ullanmayapti. Falastin prezidenti Mahmud Abbos ta’biricha, falastinliklar Bushning Isroil parlamentidagi nutqida bu davlatni ko’p maqtab yuborganidan norozi bo’lgan.

Falastinning Xamas va FATX tomonidan ikkiga bo’linib qolishi Isroil bilan tinchlik bitimiga katta to’siqlardan biri bo’lib turibdi.

XS
SM
MD
LG