Breaking News

AQSh inson huquqlarini poymol etayotganlikda ayblanmoqda


Inson huquqlari bilan shug’ullanuvchi Xalqaro Amnistiya tashkilotiga ko’ra, jahon bo’ylab ko’plab hukumatlar 60 yil burun qabul qilingan Inson huquqlari deklaratsiyasiga amal qilmay kelmoqda. Tashkilotning yillik hisobotida 150 mamlakatdagi ahvol tahlil qilingan.

Xalqaro Amnistiya hisobotiga ko’ra, jahon bo’ylab odamlar turmush tarzi, inson huquqlari nisbatan yaxshi bo’lishiga qaramay, еashkilot Bosh kotibi Ayrin Xanning (Irene Khan) aytishicha, adolatsizlik, tengsizlik va jazosizlik hukm surayotgan hali ko’plab davlatlar bor.

"Xalqaro Amnistiya ana shu davlatlardagi hukumatlarni o’z xalqidan uzr so’rashga va siyosatini o’zgartirishga chaqiradi," deydi u.

Tashkilot rahbariga ko’ra, Inson huquqlari deklaratsiyasini dunyo bo’ylab tashviq qilayotgan Qo’shma Shtatlarning o’zi so’nggi paytlarda unga xilof ish tutmoqda.

"AQSh ma’muriyati o’z xavfsizligiga tegishli ma’lumotni to’plashda qiynoqlardan ham tap tortayotgani yo’q. Yevropa Ittifoqiga a’zo bir nechta davlat ham shunday siyosat yuritayotgani haqida dalillar bor, biroq davlatlarning birontasi aybini bo’yniga olgani yoki mustaqil tergov o’tkazgani yo’q," deydi Ayrin Xan.

Xalqaro Amnistiya Qo’shma Shtatlarni harbiy bazalaridagi maxfiy qamoqxonalarda odamlarni sudsiz so’roq qilayotganlikda, Yevropa Ittifoqini qochqinlar huquqlarini cheklayotganlikda, Xitoyni esa Olympiya o’yinlaridan oldin bergan va’dasida turmayotganlikda ayblaydi. Hisobotda Rossiya hukumati muxolifatga nisbatan toqatli bo’lishga, Chechenistonda inson huquqlari buzilishlariga chek qo’yishga chaqiriladi.

Hisobotda O’zbekistondagi ahvol ham tilga olinadi. Unga ko’ra, o’lim jazosini bekor qilish haqidagi prezident qaroriga qaramay, unga rioya qilinmayapti. Mustaqil jurnalistlar va inson huquqlari faollariga tazyiqlar susaymagan. Qiynoqlar amaliyotiga chek qo’yilmagan. Qochqinlarni ekstraditsiya talabi bilan O’zbekistonga qaytarish hollari keng tarqalagan.

Salbiy holatlar bilan birga Xalqaro Amnistiya o’z hisobotida ijobiy o’zgarishlarni ham ta’kidlaydi.

Tashkilot rahbarlaridan biri Klaudio Kordone o’tgan yil oxirida BMT tomonidan o’lim jazosiga taqiqning e’lon qilinishini olqishlaydi.

Ayrin Xan fikricha jahon xalqlari huquqlarining ta’minlanishiga borgan sari talabchan bo’lmoqda. Misol tariqasida u Birmada buddist rohiblar chiqishlarini, Pokistonda esa yuristlar namoyishlarini keltiradi.

XS
SM
MD
LG